Shuningdek, “layk” toʻplash, obunachilar sonini oshirish yoki turli kontent orqali eʼtibor qozonish maqsadida huquqbuzarlik sodir etish, uni tasvirga olib internet tarmoqlarida tarqatish orqali qonun-qoidalarni mensimaslikni targʻib etganlik uchun ham maʼmuriy jarima qoʻllash nazarda tutilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yigʻilishida birinchi oʻqishda muhokama qilingan.
Qonun loyihasi tashabbuskori deputat Xushvaqt Xayitovning yozishicha, ijtimoiy tarmoqlarda mazkur qonun loyihasi notoʻgʻri talqin qilinmoqda
Goʻyoki, “layk” toʻplash, obunachilar sonini oshirish yoki turli kontent orqali eʼtibor qozonish maqsadida amalga oshirgan harakati uchun javobgarlik belgilanmoqda, tarzida talqin qilinib, maʼlumotlar tarqatildi.
Birinchidan, loyiha bilan “layk” toʻplash, obunachilar sonini oshirish uchun javobgarlik belgilanayotgani yoʻq. Bu yerda shaxsning oʻzi sodir etgan huquqbuzarligini oʻzi Internetda tarqatganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Hozirgi kunda yoshlar orasida oson yoʻl bilan “mashhurlik”ka erishish maqsadida oʻz huquqbuzarliklarini (koʻpincha, yoʻl harakati qoidalarini, jamoat tartibini va odob-ahloq talablarini buzish) videoga olib, Internetda tarqatishi ommalashib bormoqda. Bu harakatlari bilan ular jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikni, huquqbuzarliklar sodir etishni targʻib qilmoqda.
Ushbu holatlarda shaxs faqat sodir etgan huquqbuzarligi uchun javobgarlikka tortiladi. Aslida uning ikkinchi harakatida, yaʼni ushbu huquqbuzarligini targʻib qilganlikning ijtimoiy xavflilik darajasi yuqori.
Chunki, buning oqibatida yoshlarda jazo muqarrarligiga shubha uygʻonadi, jamiyatda shunday harakatlar sodir etish obroʻ olib kelishi mumkinligi toʻgʻrisida yanglish taassurot paydo boʻladi hamda destruktiv ommaviy madaniyat shakllanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, oʻzining huquqbuzarligini, qonunlarni mensimasligini targʻib qilganlik uchun javobgarlik belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.
Ikkinchidan, ushbu taqiq badiiy asarlardagi yoki yumoristik yoʻnalishdagi qisqa videolarda aks ettirilgan va haqiqiy hayotda sodir etilmagan huquqbuzarliklar videosini tarqatganlikka tatbiq etilmaydi.
Uchinchidan, alohida taʼkidlash lozimki, boshqa shaxs tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik aks etgan materiallarni, shu jumladan bu haqda tegishli organlarga xabar berish maqsadida tarqatganlik uchun hech qanday javobgarlik nazarda tutilmayapti.