Rossiyaning ijtimoiy tarmoqlarida, Tyumenlik 14 yoshli maktab oʻquvchisi Hamster Kombat oʻyini tufayli ruhiy kasalxonaga yotqizildi. U koʻproq tanga topish ilinjida har uch soatda uygʻonib oʻyinni davom ettirgani haqida xabarlar tarqaldi.
Xabarda aytilishicha, oʻyinni meʼyoridan ortiq oʻynashi ortidan bolada uyqusizlik kasalligi rivojlangan. Bu esa bolaning ruhiy zoʻriqishiga va boshqa kasalliklarning rivojlanishiga olib kelgan.
Holat boʻyicha viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi izoh bera olmasligini bildirdi, deyiladi xabarda.
Shuni alohida aytib oʻtish kerakki, Hamster Kombatʻning asosiy mexanikasi oddiy. Oʻyinchilar qancha tanga olishni xohlasa shuncha Hamstert tasviriga teginishi kerak boʻladi. Qancha koʻp bosilsa, shuncha koʻp tanga yigʻiladi. Bu esa oʻyinchilarni faol boʻlishga undaydigan oddiy dinamikadir. Biroq oʻyinning funksionalligi faqat Hamstertʻga teginish bilan cheklanmaydi. Koʻproq tanga toʻplash uchun kunlik amallarni bajarish va sovgʻalarni ochib borish kerak boʻladi.
Maʼlumot oʻrnida: Hamster Kombat oʻyinchilar uchun katta pul yutuqlarini vaʼda qiladi. Odamning xayolida qancha oʻynasam shuncha pul topaman degan fikr shakllanadi. Ana shu fikr koʻplab yosh bolalarning uyqusizlik va ruhiy kasalliklarni orttirib olishiga sabab boʻlishi mumkin.