145 nafar yurtdoshimiz Janubiy Koreyada ishlash uchun joʻnab ketdi

    Ijtimoiy hayot 24 Iyun 2021 1332

    Koreya Respublikasi kompaniyasi vakillari tomonidan oʻtkazilgan tanlov asosida 115 nafar yurtdoshimiz vaqtinchalik ishlash uchun Koreyaga joʻnab ketdi.

    Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya Respublikasi Kanvondo provinsiyasi, Xongchon okrugi administratsiyasi oʻrtasida mavsumiy ishchilar toʻgʻrisida tuzilgan kelishuvga asosan mamlakatimizda 5 oylik mavsumiy ishlarda (Ye-8 vizasi) vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan fuqarolar uchun Koreya Respublikasi kompaniyasi vakillari tomonidan tanlov oʻtkazilgan edi.

    Mazkur tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgan fuqarolarning navbatdagi guruhi, yaʼni 115 nafari 23-iyunda ushbu davlatga joʻnab ketgan.

    Shuningdek, Agentlik tomonidan Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida ushbu davlatda ishlash vaqtida mehnat taʼtili olib, Oʻzbekistonga kelgan 30 nafar fuqaro Toshkent xalqaro aeroportidan charter reys orqali Koreya Respublikasiga ketdi.

    Fuqarolarga xorijda ishlash davrida qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan vaqtda huquqiy yordam koʻrsatishga yoʻnaltirilgan tarqatma materiallar berildi.

    Eslatib oʻtamiz, joriy yilda mavsumiy ishlarda (Ye-8 vizasi) vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Janubiy Koreyaga joʻnab ketgan fuqarolar soni 420 nafarni tashkil etadi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.