15 bosh sharq boʻgʻma ilonni olib chiqib ketmoqchi boʻlgan shaxs toʻxtatib qolindi

    Yashil sayyora 2 Iyun 2025 748

    Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ushbu ilonlar Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan boʻlib, hozirda jonivorlar Toshkent hayvonot bogʻiga topshirildi.

    Qayd etilishicha, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi hamda Ekologiya vazirligi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Navoiy” chegara bojxona posti orqali yurtimizdan chiqib ketayotgan qoʻshni davlat fuqarosi 15 bosh tirik boʻgʻma ilonlarni tegishli ruxsatnomalarsiz olib chiqmoqchi boʻlgan vaqtida toʻxtatib qolindi.

    Unga tegishli 10 litr hajmli yelim idishga joylangan mazkur ilonlar “sharq boʻgʻma iloni” zotiga mansub boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasida Ustyurt platosi, Janubiy Orolboʻyi, Vozrojdeniya yarimoroli, Markaziy Qizilqum, Zarafshon vodiysi, Qarshi choʻli, Zarafshon togʻi, Qashqadaryo, Jizzax viloyati (Zomin tumani), Sirdaryo viloyati choʻllari, Toshkent viloyatidagi togʻ yonbagʻirlari, Fargʻona vodiysi, Surxondaryo viloyatining tekislik va togʻoldi qismida uchraydi.