15-iyundan Respublika umumtaʼlim maktablarida 1-sinfga qabul boshlanadi

    Ta'lim 8 Iyun 2021 3815

    Bu haqda AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova maʼlum qildi.

    Maʼlum qilinishicha, Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning markazidagi umumtaʼlim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari tajriba-sinov tariqasida elektron shaklda amalga oshiriladi. Jarayon 2 bosqichda boʻladi:

    Birinchi bosqichda ota-onalar 2021-yilning 15-iyunidan 5-iyuliga qadar my.maktab.uz elektron plaftormasi orqali roʻyxatdan oʻtib, farzandlari 1-sinfga chiqadigan maktablarni tanlaydilar.

    Bunda ota-onalarga 3 ta maktabni tanlash imkoniyati beriladi. Birinchi maktab-ota-ona doimiy istiqomat qilayotgan hududdagi maktab, yaʼni yashash manzili biriktirilgan mikrohududdagi maktab;

    Ikkinchi va uchinchi maktablar - ota-onalarning ixtiyoriy tanlovi asosida farzandlarini qatnashi uchun qulay boʻlgan maktablar.

    Ikkinchi bosqichda 2021-yilning 6-iyulidan 31-iyulga qadar ota-onalar elektron plaftorma orqali tanlagan birinchi maktabga, yaʼni biriktirilgan mikrohududdagi maktabga hujjatlarini topshiradilar, bunda hujjatlarni topshirish toʻliq elektron shaklda amalga oshiriladi. Ota-onalarning doimiy yashash manzili boʻyicha biriktirilgan mikrohududdagi maktabga joylashishlari kafolatlanadi.

    Agar ota-onalar mikrohudduddagi maktabni emas, boshqa maktablarni tanlagan boʻlsa, yaʼni elektron roʻyxatdan oʻtish vaqtida tanlagan ikkinchi yoki uchinchi maktablarning birida boʻsh oʻrinlar boʻlgan taqdirda 1-15-avgust kunlari hujjatlarini topshirishlari mumkin boʻladi.

    Qolgan hududlar (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning boshqa tuman (shahar)lari) umumtaʼlim maktablarida 1-sinfga qabul anʼanaviy shaklda, yaʼni bevosita maktabda amalga oshiriladi.

    Qabul anʼanaviy shaklda amalga oshiriladigan hududlarda ota-onalar bevosita 2021-yilning 15-iyundan -15-iyulga qadar doimiy yashash manzili boʻyicha biriktirilgan mikrohududdagi maktabga farzandlarini 1-sinfga joylashtrish uchun hujjatlarini topshirishlari mumkin.

    Shuningdek, 16-iyuldan - 15-avgustga qadar ota-onalarga ixtiyoriy tanlov asosida boshqa maktablarga, yaʼni mikrohududiga kirmasa ham boʻsh oʻrinlar boʻlsa, farzandlarini 1-sinfga qabul qilish uchun boshqa maktabga hujjatlarini topshirish imkoniyati beriladi.

    Eslatib oʻtamiz, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi Qonunning 9-moddasiga asosan yetti yoshga toʻladigan yilda qabul qilinadi (2014-yil 1-yanvaridan 31-dekabrigacha tugʻilgan bolalar).

    Mazkur qonun talablari boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, yaʼni nodavlat xususiy barcha taʼlim muassasalari uchun ham majburiydir.

    Umumtaʼlim maktablariga biriktiriladigan mikrohududlar mahallalarning joylashuvi va aholining demografik oʻsishini inobatga olgan holda tuman (shahar) hokimliklarining qarori asosida belgilanadi.

    Hududlarda yangi uy-joylarning qurilishi yoki maʼmuriy hududiy chegaralarning oʻzgarishi sababli tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan umumtaʼlim maktablariga biriktirilgan mikrohududlar qayta oʻzgartirilishi mumkin.

    2021-2022 oʻquv yili uchun Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim muassasalariga qabul 10-iyundan boshlanib 10-iyulga qadar davom etadi.

    Hujjatlar toʻliq elektron shaklda my.maktab.uz sayti orqali qabul qilinadi.

    Ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktablariga 5-sinfdan, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga 7-sinfdan qabul amalga oshiriladi.

    Saralash tanlovlari Davlat test markazi tomonidan 12-30-iyul kunlari oʻtkaziladi.

    Eslatma: umumtaʼlim va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun hujjatlarni elektron qabul qilish saytlari qabul boshlangan sanadan ishlaydi.