15 may – Xalqaro oila kuni. Oilalar mustahkamligi yo‘lida

    Mamlakatimizda 15 May 2021 10692

    Ma’lumki, 15-may kuni, jahon miqyosida Xalqaro oilalar kuni (International Day of Families) nishonlanadi. Ushbu bayram BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1993-yil 20-sentyabrdagi Xalqaro oila yili to‘g‘risidagi rezolyusiyaga muvofiq 1994-yilning 15-mayidan buyon muntazam ravishda nishonlanib keladi.

    Oila - inson uchun muqaddas va ulug‘ dargoh. Inson shu dargohda tug‘iladi, o‘sadi, unadi, voyaga yetadi. Oilani jamiyatning kichik bir parchasiga qiyoslash mumkin.

    Darhaqiqat, xalqimiz azaldan oilani muqaddas, muborak dargoh sifatida e’zozlagan, bu qo‘rg‘onga zavol yetmasligi uchun bor mahoratini ishga solgan. Zero, oilani boshqarish farzandlarni xalqqa, vatanga munosib avlod qilib yetishtirish mas’uliyatli vazifadir. Afsuski ba’zan bu borada bilim, tajriba va tarbiyaning yetarli bo‘lmagani tufayli ko‘prok yoshlar o‘rtasida ajrashish holatlari uchrab turadi. Arzimagan bahonani sabab qilib oilalar buzilib, begunoh beg‘ubor farzandlar tirik yetim bo‘lib qolmokda. Ayol oqila, fozila, jonkuyar, har narsada er qadrini yuksak qo‘yadigan bo‘lsa, er bosiq, jiddiy, mehribon, farzandlari, ahli ayoliga jonkuyar bo‘lishi kerak. Er-xotin o‘rtasida mehr-oqibat bo‘lishi kerak.

    Sirdaryo viloyati Yangier shahar FHDYo bo‘limi tomonidan ham nikohlanuvchilar o‘rtasida oilaning muqaddasligi, er-xotinlik mas’uliyati, kelin va kuyovning burch va vazifalarini yoshlar ongiga chuqur singdirish bo‘yicha turli ma'rifiy tadbirlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.

    Tadbirlarga namunali oilalar, uzoq yillar ahil-inoq turmush qurgan oilalar vakillari taklif etilib, ularning hayotiy tajribalari o‘rtoqlashish bo‘yicha davra suhbatlari yoshlarda katta taassurot qoldirish barobarida barpo etilayotgan oilalarning mustahkamligini ta'minlashga asos bo‘lmoqda.

    Nafosat Abdulhakimova,

    Yangier shahar FHDYo bo‘limi mudirasi.