Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda «2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi. Mazkur hujjat 2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bogʻliq masalalarni qamrab olgan.
Xususan, konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi 2024-yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz etib belgilangan boʻlib, 2025-2026-yillarda bu koʻrsatkichni 3 foizdan oshirmaslik nazarda tutilmoqda. Bu iqtisodiyotda yalpi talabning oʻsishini tartibga solish va tashqi savdo balansi manfiy taqchilligini hamda inflyatsion bosimni kamaytirishga xizmat qiladi.
Deputatlar davlat byudjetining parlamentda qonun sifatida tasdiqlanishi nafaqat konstitutsiyaviy huquq, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatini belgilash va amalga oshirish bilan bogʻliq katta masʼuliyat ekanini taʼkidladi. Zero, davlat byudjeti mamlakatda olib borilayotgan siyosatning mujassam koʻrinishi hisoblanadi. Yaʼni, uning loyihasiga qarab, davlatdagi ijtimoiy siyosatga baho berish mumkin. Fraksiya aʼzolari shundan kelib chiqib, taqdim qilingan 2024-yilgi davlat byudjeti loyihasida aholining turmush darajasini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi bandligi va daromadlarining oʻsishini taʼminlash, aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari sifatida aks etayotganiga eʼtibor qaratdi.
Davlat byudjetida ijtimoiy sohaga yana bir qator muhim xarajatlar koʻzda tutilmoqda. Kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordamlar toʻlash uchun 10 trln. soʻmdan ortiq, nogironligi boʻlgan bolalarni parvarishlayotgan onalarga nafaqalar toʻlash uchun 3,6 trln soʻmdan ortiq, mehnatga layoqatsiz va zarur ish stajiga ega boʻlmagan fuqarolarga nafaqalar uchun esa 2,5 trln. soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilishi rejalashtirilmoqda.
OʻzXDP fraksiyasi aʼzolarining taʼkidlashicha, ushbu xarajatlar aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda jamiyatimizda barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega boʻladi. Deputatlar davlat byudjetini rejalashtirishga doir bunday strategik yondashuv Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlari hamda elektorat manfaatlariga har tomonlama mos kelishini qayd etdi.
Fraksiya aʼzolari davlat byudjeti loyihasidagi aksariyat mablagʻlar bevosita fuqarolarning turmush darajasini oshirish uchun yoʻnaltirilayotganiga urgʻu berishdi. Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi davlat byudjetida koʻzda tutilgan ijtimoiy xarajatlarning aniq maqsadli boʻlishi ustidan deputatlik nazoratini oʻrnatish, mazkur yoʻnalishda ijro hokimiyati bilan hamkorlikni izchil yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.
Fraksiya aʼzolari kun tartibidagi masalalar yuzasidan keltirilgan raqamlar, taqdim etilgan maʼlumotlar, savol-javoblardan kelib chiqib, kelgusi yil uchun davlat byudjeti loyihasini qoʻllab-quvvatladi.