Sirdaryolik endovaskulyar jarroh Xurshid Hakimov 2017-yili Toshkent tibbiyot akademiyasini tamomlagach, Moskva shahrida joylashgan akademik A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida klinik ordinatura bo‘yicha tahsil olgan. Shundan so‘ng ilmiy faoliyatini davom ettirish maqsadida mazkur muassasada aspirantura yo‘nalishi bo‘yicha o‘qigan.
2020 yil esa Moskva viloyatidagi nufuzli tibbiyot markaziga ishga taklif qilinshgan. E’tiborlisi, mazkur muassasadagi bir yillik faoliyati davomida yosh jarroh mustaqil ravishda 200 dan ortiq murakkab jarrohlik operatsiyasi, 500 dan ziyod yuqori texnologiyali diagnostik amaliyotlarni muvaffaqiyatli bajardi.
O‘tgan yili yurtimizga qaytgan malakali mutaxassis Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filialida ish boshladi.
"Ochig‘i, 3-4 yil avval kimdir menga O‘zbekistonga qaytasan, xorijda bajargan noyob operatsiyalaringni tug‘ilib o‘sgan yurting – Sirdaryoda amalga oshirasan desa, ishonmasdim. Sababi o‘sha payt menda biroz hadik va ikkilanish bor edi. Biroq viloyatga kelib ko‘rdimki, bu yerdagi sharoitlar, eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy tibbiy jihoz va uskunalar xorij klinikalaridan qolishmaydi", deydi X.Hakimov.