Qayd etilishicha, sudlarning ijro hujjatlariga asosan qarzdor S. Kariyev va boshqalardan 85 nafar fuqaro foydasiga jami 78 mlrd soʻm zarar undirish boʻyicha ijro ishlari mavjud.

Ijro harakatlari doirasida qarzdor S. Kariyevga tegishli Chilonzor tumani, 1-Qatortol MFY, Qatortol 3-tor koʻchasidagi turar joy binolari hamda «Beshyogʻoch» MFY, Furqat koʻchasidagi noturar joy binosi xatlangan va onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan.

«Beshyogʻoch» MFY, Furqat koʻchasidagi noturar joy binosi auksionda sotilib, 793 mln soʻm mablagʻ undirilgan.

Shuningdek, qiymati 7,1 mlrd soʻm deb baholangan Chilonzor tumani, 1-Qatortol MFY, Qatortol 3-tor koʻchasidagi turar joy binolari boʻyicha hozirda auksion savdolari davom etmoqda.

Auksion savdolari orqali kelib tushgan mablagʻlar hamda qarzdor S. Kariyevning oila aʼzolari tomonidan toʻlangan pullar hisobidan undiruvchilarga jami 16,7 mlrd soʻm mablagʻ «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida»gi qonunning 80-moddasiga asosan teng taqsimlab berilgan.

Ayni vaqtda qarzdor S. Kariyev va boshqalardan 61,3 mlrd soʻm zararni undirish bilan bogʻliq ijro ishlari boʻyicha majburiy ijro harakatlari davom ettirilmoqda.