156 kilogrammga yaqin narkotik modda fosh qilindi

    Joriy yilning 30-oktyabr kuni soat 15:00 da Toshkent viloyati "Oybek" chegara-bojxona postiga qoʼshni davlatdan kirib kelgan yuk avtotransport vositasi toʼxtatilib, chuqurlashtirilgan holda bojxona koʼrigidan oʼtkazildi.

    Hujjatlarga koʼra, salkam 21 tonna uzum ortilgan yuk avtotransport vositasi shubha ostiga olinib, tezkor tuzilmalarning maxsus kuzatuvi ostida, qolaversa, xavfsizlik nuqtai nazaridan chegara-bojxona postidan chekkaroq hududga, aniqrogʼi, "Yangiyoʼl" bojxona postiga keltirildi.

    Transportga ortilgan uzumlar tushirilgach, tirkamaning pol qismi ochib koʼrildi. Tekshiruvlar natijasida polda yashirin boʼlmalar hosil qilingani, boʼlmalar orasiga esa yashil rangli yelim idishlar pena, yaʼni poliuretan koʼpik koʼmagida zichlab joylashtirilgani maʼlum boʼldi.

    Post xodimlari, Davlat bojxona qoʼmitasi tezkor tuzilmalari va Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʼshinlari harbiy xizmatlari bilan hamkorlikda oʼtkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda 141 dona yelim idishda, idishi bilan hisoblaganda jami 156 kg.ga yaqin narkotik moddalarning yashirincha olib kirilishi fosh qilindi.

    Mazkur holatda toʼxtatib qolingan narkotik moddalarning 149,76 kg.i "gashish", 4,44 kg.i "opiy" va 1,52 kg.i "geroin" giyohvandlik vositalari ekani aniqlandi.

    Jinoyat quroli sifatida qiymati 1 milliard 80 million soʼmlik yuk avtotransport vositasi va 20,8 tonna ogʼirlikdagi uzum ham vaqtincha saqlovga olindi. Holat yuzasidan esa bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʼzgʼatildi.