15ta yirik davlat korxonasining aksiyalari ochiq savdoga chiqariladi

    Moliya 21 Aprel 2021 2157

    Uzbekistan Airways, “Oʻzavtosanoat”, “Oʻzbekneftgaz”, 5 ta bank va 3 ta yirik metallurgiya kombinati 2023-yilgacha IPO oʻtkazishi belgilandi.

    2021-2023-yillarda aksiyalari fond birjasi orqali ommaviy sotuvga chiqariladigan (IPO) davlat korxonalari roʻyxati tasdiqlandi.

    Kapital bozorini rivojlantirishga oid prezident farmoniga koʻra, roʻyxatga quyidagi 15 ta kompaniya kiritilgan:

    1. “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” AJ

    2. “Oʻzbekneftgaz” AJ

    3. “Milliy bank” AJ

    4. AT Xalq banki

    5. “Agrobank” ATB

    6. “Mikrokreditbank” ATB

    7. “Qishloq qurilish bank” ATB

    8. “Oʻzagrosugʻurta” AJ

    9. “Qurilishmashlizing” AJ

    10. “Oʻzbekinvest” AJ

    11. “Uzbekistan Airways” AJ

    12. “Uztransgaz” AJ

    13. “Olmaliq KMK” AJ

    14. “Navoiy KMK” AJ

    15. “Oʻzavtosanoat” AJ

    Qarorda, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat komissiyasi bilan kelishgan holda roʻyxatga oʻzgartirish kiritishi mumkinligi nazarda tutilgan.

    Roʻyxatdagi kompaniyalarning qancha miqdordagi aksiyalar paketi sotuvga qoʻyilishi nomaʼlum. Shunisi maʼlumki, yuqoridagi 5 ta bankdan faqat bittasi – “Qishloqqurilishbank” xususiylashtirilishi kutilmoqda. Shuningdek, “UzAuto Motors” AJ 10 foizgacha aksiyalarini IPO oʻtkazgan holda sotishini eʼlon qilgan.

    Oʻzmetkombinat, OKMK va NKMK IPO oʻtkazishi haqida 2019-yil boshida maʼlum qilingandi.

    IPO (inglizcha – Initial public offering) aksiyadorlik jamiyati aksiyalarini cheklanmagan miqdordagi shaxslarga dastlabki ommaviy sotishni bildiradi.

    Oʻzbekiston tarixida ilk bor tajriba tariqasida “Kvars” AJ 2017-yil dekabrida “Toshkent” fond birjasida IPO oʻtkazgan. Shundan soʻng “Jizzax plastmassa” AJ ham aksiyalarini ochiq ravishda fond birjasiga joylagan.

    “Kvars” va “Jizzax plastmassa” hozircha Oʻzbekistonda IPO oʻtkazgan birinchi va oxirgi kompaniyalar boʻlib qolmoqda. Vaholanki, 2019-yildayoq mamlakatdagi oʻnga yaqin kompaniya aksiyalari ochiq savdoga chiqarilishi eʼlon qilingandi.

    2019-yildagi hukumat qarorida “Jizzax plastmassa” AJdan tashqari, Oʻzsanoatqurilishbank va Asia Alliance Bank ham IPO oʻtkazishi belgilangan edi.

    2020-yil yozidagi hujjat loyihasida esa “Qizilqumsement”, Tovar-xomashyo birjasi, Andijon biokimyo zavodi, UzBAT, “Oʻztemiryoʻlkonteyner” kabi davlat aktivlari aksiyalarini ham ochiq ommaviy savdoga chiqarish reja qilingandi, deb xabar beradi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi matbuot xizmati.