Oʻzbekiston tomonidan ushbu tadbirni oʻtkazish uchun ariza 2019-yilda berilgan va 2022-yilda tasdiqlangan.
Tadbirda 73 davlatdan 2000 dan ortiq mehmonlar, jumladan, xorijiy hukumatlar vakillari, transmilliy korporatsiyalar, xalqaro moliya institutlari va banklari rahbarlari, iqtisodiyot, investitsiyalar, moliya va texnologiyalar sohasidagi ekspertlar, shuningdek, yetakchi xorijiy OAV vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Iqtisodiyot barqarorligiga investitsiyalar kiritish masalalari tadbirning asosiy mavzusi boʻladi. Yigʻilish davomida Bankka aʼzo mamlakatlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish mavzulariga bagʻishlangan panel munozaralari oʻtkazilishi ham rejalashtirilgan.
Tadbir shuningdek, YETTBga oʻtgan yil davomida erishgan yutuqlarini tahlil qilish va rejalar tuzish imkoniyatini beradi.
Yigʻilish asosiy tadbirlaridan biri “Oʻzbekistonning investitsiyaviy istiqbollari toʻgʻrisida”gi sessiya boʻladi. Unda mamlakat iqtisodiyotining kutilayotgan oʻsish surʼatlari va investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlari muhokama qilinadi.
Tadbirning uch kunlik kun tartibidan ekspertlar ishtirokidagi turli mavzularda, jumladan, mintaqalar va alohida mamlakatlarga bagʻishlangan bir qator panel munozaralari ham oʻrin olgan.
Ular qatoridan:
• xalqaro savdo munosabatlari;
• energiya xavfsizligi, qayta tiklanadigan energiya manbalari;
• kichik va oʻrta biznesning iqtisodiyotdagi ahamiyati;
• rivojlanayotgan bozorlarda raqamlashtirish jarayonlari;
• YETTB “Yashil shaharlar” dasturi;
• YETTBning “Mintaqaviy iqtisodiy istiqbollar” mavzusidagi asosiy makroiqtisodiy tadqiqoti va boshqalar oʻrin olgan.
Yigʻilish davomida xalqaro ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida biznes-forum boʻlib oʻtadi. Unda makroiqtisodiy vaziyat, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishda xususiy sektor va davlatning roli, hududlararo aloqalar, iqtisodiy integratsiya, oziq-ovqat xavfsizligi, raqamlashtirish va boshqa masalalar yuzasidan ekspert muhokamalari oʻtkaziladi.