Xabarga koʻra, Sh.C. ismli shaxs 2020-yilning oktyabr oyidan 2021-yilning aprel oyiga qadar 4 nafar sherikgi bilan “LID CAR” nomli MCHJ tashkil etib, “3 yil muddatga 15 foizlik kredit” asosida 90 kun ichida avtomashina olib berishi haqida yolgʻon axborotlarni Telegram ijtimoiy tarmogʻidagi “AVTO CREDIT “LID CAR” OFFICIAL” nomli kanal orqali tarqatadi. Bunga ishongan fuqarolarning pul mablagʻlarini esa firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirib kelgan.
Mazkur uyushgan guruh dastlab faoliyatini Toshkent shahrida, soʻng Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida olib borib, 100 nafarga yaqin fuqarolarning jami 1,6 mlrd. soʻm pullarini noqonuniy ravishda qoʻlga kiritishgan.
Uyushgan guruhning jinoiy faoliyati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilgan. Biroq, uyushgan jinoiy guruh tashkilotchisi, 1990-yilda tugʻilgan Sh.C. tergovdan boʻyin tovlab, javobgarlikdan qutilish maqsadida yashiringanligi sababli xalqaro qidiruvga berilgan edi.
Joriy yilning 8-iyun kuni IIV Kiberxavfsizlik markazi tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 2021-yilning noyabr oyidan buyon qidiruvda boʻlgan Sh.S. Toshkent viloyati Chirchiq shahri hududida xonadonlarda yashirinib yashab kelayotganligi aniqlanib, qoʻlga olindi va tergov organiga topshirildi.