16 mingdan ortiq shaxsga tegishli hujjatlar rasmiylashtirib berildi

    Shu kunlarda Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilayotgan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi doirasida 19 mingdan ortiq odam hujjatsiz ekani aniqlandi.

    Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi. Vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan oʻtkazilayotgan sayyor qabullar hamda kelib tushayotgan murojaatlar tahlil qilinganda ayrim fuqarolarning tugʻilishi qayd etilmaganligi natijasida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarga ega emasligi koʻplab muammolarga sabab boʻlayotganligi aniqlandi.

    Fuqarolarda oʻzining shaxsiga doir hujjatlarining mavjud emasligi ularning jamiyatda toʻlaqonli munosabatga kirisha olmasligiga, oʻzining qonun bilan belgilangan huquq
    va erkinliklaridan toʻla darajada foydalanish imkoniyatining cheklanishiga sabab boʻlgan.

    Huquqiy aksiyada:

    – tugʻilishi qayd etilmagan va fuqarolik pasporti yoki ID-kartasi mavjud boʻlmagan shaxslarga tugʻilganlik haqidagi guvohnoma va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish;

    – huquqiy muammosi mavjud yoki huquqiy yordamga muhtoj aholiga amaliy yordam koʻrsatish;

    – roʻyxatdan oʻtkazilmagan tadbirkorlik subyektlarini yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan koʻchmas mulklarini roʻyxatdan oʻtkazishga koʻmaklashish va boshqa xizmatlarni koʻrsatish nazarda tutilgan.

    Huquqiy aksiya doirasida dastlabki 20 kun davomida 19 872 nafar shaxslar tegishli hujjatlarga ega emasligi holatlari aniqlandi.

    Ulardan, 16144 nafar shaxslarga tegishli hujjatlar rasmiylashtirib berildi, Xususan, 609 nafarining tugʻilishi qayd etilib guvohnoma berilgan boʻlsa, 2 665 nafariga tugʻilganlik haqida takroriy guvohnoma rasmiylashtirildi, 1 232 nafar qonuniy nikohdan oʻtmasdan yashab kelayotgan fuqarolarning nikohi qonuniy ravishda qayd etib berildi.

    Shuningdek, 249 124 nafar shaxslarga elektron raqamli imzo berish, “Mobile-ID” dan roʻyxatdan oʻtkazish, kadastr pasportini shakllantirish va boshqa turdagi davlat xizmatlari sayyor shaklda koʻrsatildi.