Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Ayolga bo‘lgan hurmat-eʼtibor — bu avvalo, oilaga, jamiyat kelajagiga bo‘lgan hurmat-eʼtibor ifodasidir” degan g‘oyasi asosida yurtimizda bugun xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini kafolatli himoya qilish, oilalar barqarorligini taʼminlash, ijtimoiy-siyosiy hayotda to‘laqonli ishtirok etishiga erishish, bir so‘z bilan aytganda, munis va moʻtabar opa-singillarimizni hayotdan rozi qilishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilayotir.
Ayniqsa, insonparvarlik va bag‘rikenglikka yo‘g‘rilgan siyosat tufayli turli xil sabablar bilan to‘g‘ri yo‘ldan adashgan, jinoiy qilmishlarga qo‘l urgan bo‘lsa-da, xatosini tushunib, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan ayollarga yengillik berilmoqda. Ular jazodan muddatidan oldin ozod qilinib, oilasi, farzandlari bag‘riga qaytarilmoqda.

2021 yil 2 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida jazoni ijro etish muassasalarida og‘ir, o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan 16 nafar mahkuma ayolning kassatsiya tartibida bergan shikoyatlari ko‘rib chiqildi. Ochiq sud majlisida Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi M.Kadirxanova va uning o‘rinbosari N.Abdullaxanov ishtirok etdi.
Oliy sud raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov raisligida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlislarida har bir ayolning kassatsiya tartibida bergan arizasi qonun doirasida batafsil o‘rganildi.

Mahkuma ayollar jazoning asosiy qismini o‘tagani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, jazoni o‘tash jarayonida o‘zining ijobiy jihatlarini namoyon etib, muassasa rahbariyatining tashakkurnomasini olgani eʼtiborga olindi.
Og‘ir jinoyatlarni sodir etgan mahkuma ayollar qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan holda Prezidentimizdan, xalqimizdan kechirim so‘radilar.

Sud ajrimi bilan sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoning asosiy qismini o‘tagani, qilmishiga iqror va pushaymon bo‘lgani, yoshi hamda kafolat xatlari inobatga olinib, 14 nafar ayolning tayinlangan jazolari yengillashtirilib, jazodan ozod qilindi hamda oilasi, yaqinlari bag‘riga qaytarildi. Shuningdek, 2 nafar mahkuma ayolga tayinlangan jazolar yengillashtirildi.
Bu ezgu tadbir ayollarga bo‘lgan eʼtiborning, xalqimizga xos yuksak insonparvarlik va bag‘rikenglikning yorqin namunasi bo‘ldi, deyish mumkin.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati