Taʼkidlanishicha, shu yilning 16–18-mart kunlari Oʻzbekiston hududining katta qismida yogʻingarchiliksiz ob-havo kuzatilishi kutilmoqda. Faqat 17–18-mart kunlari Surxondaryo viloyatida, 18-mart kuni esa Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarining ayrim joylarida yomgʻir yogʻishi mumkin.
19-mart kuni respublika markaziy va janubi-sharqiy hududlarining ayrim joylarida yomgʻir yogʻishi ehtimoli bor.
20-mart kuni esa mamlakat boʻylab yogʻingarchilik kutilmayapti.
Mazkur davrda havo harorati asosan kechalari +5…+10°S, kunduz kunlari +15…+20°S atrofida boʻladi. Yomgʻir yogʻgan paytlarda kunduzgi harorat +13…+15°S gacha pasayishi mumkin. Bu koʻrsatkichlar mart oyi oʻrtasi uchun koʻp yillik oʻrtacha qiymatlarga yaqin.
16–17-mart kunlari respublika shimoli va choʻl hududlarida shamol tezligi 13–18 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Toshkent shahrida 16–18 va 20-mart kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi. 19-mart kuni esa vaqt-vaqti bilan yomgʻir yogʻishi mumkin. Shamol sharqiy yoʻnalishdan gʻarbga oʻzgarib, 3–8 m/s tezlikda esadi. Havo harorati kechalari +5…+10°S, kunduz kunlari +17…+20°S, 19-mart kuni esa +14…+17°S boʻlishi kutilmoqda.