1,7 kg. tilla taqinchoqlarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi

    Voqea-hodisalar 29 May 2025 511

    Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda yirik miqdordagi zargarlik buyumlarining noqonuniy muomalasiga chek qoʻyildi.

    Qayd etilishicha, Qarshi shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda avvaldan shubha ostiga olingan shaxs tilladan tayyorlangan 1 dona uzuk va 1 juft sirgʻani 4,7 mln soʻmga sotayotgan vaqtida toʻxtatib qolindi.

    Tegishli litsenziya va ruxsatnomalarsiz zargarlik buyumlari savdosi bilan shugʻullanayotgan mazkur shaxsga tegishli avtotransport vositasi koʻzdan kechirilganida esa yana 359 dona zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.

    Xorijda ishlab chiqarilgan, ammo bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan mazkur tilla taqinchoqlarning umumiy ogʻirligi salkam 1,7 kilogrammni, qiymati esa dastlabki hisob-kitoblarga koʻra 1,5 mlrd soʻmni tashkil qilmoqda.

    Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv davom etmoqda.