So'nggi yillarda, xususan, o'tgan 2022-yilda uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish sohasida qator islohotlar amalga oshirildi. Sana munosabati bilan ularning ayrimlariga to'xtalmoqchimiz.
Dunyo tajribasidan kelib chiqqan holda soha bozoriga professional boshqaruv servis kompaniyalari kirib keldi. Bugungi kunga kelib respublikada jami 800 ga yaqin boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati yo'lga qo'yildi. E'tiborlisi, o'tgan qisqa davrda mamlakatimizdagi mavjud 40 631 ta ko'p qavatli uyning 90 foiziga ushbu boshqaruv tashkilotlari tomonidan xizmat ko'rsatila boshlandi. Boshqaruv kompaniyalari hozirga qadar uylarni ta'mirlash, hududlarning infratuzilmasini yaxshilash, moddiy-texnik bazasini shakllantirishga o'z hisobidan 268 mlrd so'mdan ortiq investitsiya mablag'larini kiritdi.
So'nggi 6 yil davomida ko'p kvartirali uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash dasturlari doirasida jami 2 trln 270 mlrd so'm mablag' hisobidan 31 000 ta uy mukammal yoki joriy ta'mirlandi hamda 1 114 ta lift uskunalari yangisiga almashtirildi. Xususan, so'nggi 6 yilda aholining ichimlik suvi ta'minotini yaxshilashga 10 trln so'mga yaqin mablag' yo'naltirildi. Ushbu mablag'lar hisobidan 1 176 ta suv inshooti va 20,8 ming km uzunlikdagi ichimlik suvi tarmoqlari tortildi. Natijada respublika aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta'minlanganlik darajasi 2017-yilda 63,9 foizni tashkil etgan bo'lsa, bugunga kelib ushbu ko'rsatkich 74,4 foizga yetkazildi.
Issiqlik ta'minoti sohasida ham keyingi yillarda salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, respublika byudjeti mablag'lari hisobidan, shuningdek Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish dasturi doirasida 50 dan ortiq markaziy va mahalliy qozonxonalar hamda 132, 2 km uzunlikdagi issiqlik quvurlari modernizatsiya qilindi. Natijada 45 721 ta xonadondan iborat 1 069 ta ko'p qavatli uy va 143 ta ijtimoiy soha ob'ektlari issiqlik energiyasi bilan ta'minlandi.
Sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari samarali joriy etilib, “Mening uyim” billing tizimi ishga tushirildi.