18-iyunda Moskva shahrida MDH Iqtisodiy kengashining 90-yigʻilishi boʻlib oʻtadi

    Xalqaro hamkorlik 8 Iyun 2021 1787

    MDH davlatlari delegatsiyalari rahbarlari Hamdoʻstlikka aʼzo davlatlar iqtisodiy hamkorligining turli yoʻnalishlarini qamrab olgan qator masalalarni muhokama qiladi.

    Hamdoʻstlik Iqtisodiy kengashining 90-yigʻilishi kun tartibiga MDHga aʼzo davlatlarning Xalq xoʻjaligi yutuqlari koʻrgazmasi (XXYUK) hududida koʻrgazma va savdo markazlarini yaratish masalasi kiritilgan.

    2021-yilda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston pavilyonlari ish boshlashi rejalashtirilgan. Hozirgi vaqtda XXYUK hududida Ozarbayjon, Armaniston va Belarus pavilyonlari faoliyat koʻrsatmoqda. Moldova pavilyoni esa sinov rejimida ishlayapti. Koʻrgazma va savdo markazlari MDHning yaqinlashib kelayotgan 30 yilligiga bagʻishlangan tadbirlarda faol ishtirok etadi.

    Iqtisodiy kengash yigʻilishida MDHning davlatlararo statistika qoʻmitasi MDHga aʼzo davlatlar iqtisodiy rivojlanishining 2020-yilgi asosiy maqsadli makroiqtisodiy koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi hisobotni taqdim etadi.

    Shuningdek, MDH Iqtisodiy kengashi aʼzolariga MDHga aʼzo davlatlarning energetika sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha ustuvor chora-tadbirlar rejasi va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishda MDHga aʼzo davlatlar hamkorligi konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha ustuvor chora-tadbirlar rejasi bajarilishi natijalari haqida maʼlumot beriladi.

    Yigʻilish ishtirokchilari, shuningdek, 2026-yilgacha moʻljallangan chigirtka zararkunandalarini fitomonitoring qilish va nazorat qilish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” hamda hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha boshqa hujjatlarni koʻrib chiqadi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.