18 oktyabr — Samarqand shahar kuni keng nishonlanadi

    18 oktyabr` kuni fuqarolar Samarqand shahridagi tarixiy obidalar, diqqatga sazovor joylar va davlat muzeylariga bepul tashrif buyurishi mumkin.

    1996 yil 18 oktyabr kuni Amir Temur bobomizning 660 yillik yubileyida Samarqand shahri “Amir Temur” ordeni bilan taqdirlangan va 18 oktabr Samarqand shahar kuni deb belgilangan edi. Shundan buyon mana qariyb chorak asrdirki, ushbu kun viloyatda keng nishonlanib kelinadi.

    Samarqand viloyat hokimligining Madaniyat boshqarmasi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, joriy yil ham 18 oktabr kuni Samarqand shahrida viloyat hokimligi va Madaniyat boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan dasturga muvofiq, karantin qoidalariga rioya etgan holda qator tadbirlar oʻtkaziladi. Anʼanaga koʻra, tadbirlar temuriylar mangu qoʻnim topgan Amir Temur maqbarasida Qurʼon tilovat qilish va Amir Temur haykali poyiga gul qoʻyish marosimi bilan boshlanadi.

    Dasturga koʻra, Samarqand viloyat musiqali drama teatri oldidagi maydonda, Qorasuv massivining “Obod maskan” mahallasida, Farhod qoʻrgʻonidagi “Zarafshon” istirohat bogʻida, Alisher Navoiy nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bogʻida, “Yoshlik” istirohat bogʻi hamda Kimyogarlar shaharchasidagi 1-son Markaziy madaniyat markazi oldidagi maydonda “18 oktyabr — Samarqand shahar kuni” munosabati bilan 14 oktyabrdan 24 oktyabrga qadar Samarqand viloyati hokimligi Madaniyat boshqarmasi tizim tashkilotlari va muassasalari sanʼatkorlari, ashula va raqs ansambllari tomonidan konsert dasturlari va teatrlashtirilgan tomoshalar namoyish etiladi.

    Bundan tashqari, Registon maydonida musiqali shou dasturi namoyishi, viloyat gazetalari bilan hamkorlikda “Samarqand tarixiy obidalarini asrab-avaylash barchamizning burchimizdir” mavzusida davra suhbati, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi bilan hamkorlikda “Samarqand — Sharq durdonasi” mavzularida tanlov oʻtkaziladi.

    Shuningdek, Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bogʻida “FOOD COURT” hamda milliy taomlar festivali, Orzu Mahmudov koʻchasida gastronomik turizm koʻchasi tashkil etiladi.

    Samarqand shahridagi Davlat xizmatlari agentligi, A.S.Pushkin nomidagi Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazi hamda “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universitetining tantanali ochilish marosimi oʻtkaziladi.

    18 oktabr kuni fuqarolar Samarqand shahridagi tarixiy obidalar, diqqatga sazovor joylar va davlat muzeylariga bepul tashrif buyurishi mumkin.