Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan fuqarolar murojaatini o'z vaqtida ko'rib chiqish va ularni tegishli tartibda hal etishga alohida e'tibor qaratiladi. Ko'plab fuqarolardan tug'ilganlikni o'z vaqtida qayd qilmaslik yoki qonuniy nikoh bilan bog'liq murojaatlar kelib tushmoqda.

Ohangaron tuman Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo'limiga tumandagi Eyvalik ko'rg'onida yashovchi Nasiba Xolmurodovadan murojaat kelib tushdi. U 18 yoshli qizi Charos Xolmurodovaga tug'ilganlik haqidagi guvohnoma ololmayotganligini, 2 yil davomida ko'plab idoralar eshigini taqqillatganligini, ammo ish hal bo'lmayotganligini bildiradi. Fuqaro tomonidan qilingan murojaat FHDYO bo'limi xodimlari tomonidan atroflicha o'rganib chiqildi.

Ma'lum bo'lishicha, murojaatchining qizi Charos 2003 yil 27 oktyabrda Surxondaryo viloyati Denov tumanida tug'ilgan bo'lib, o'sha vaqtda unga berilgan xuddi shu raqamli tug'ilganlik haqidagi guvohnoma boshqa bolaga ham berilgan ekan. Shu  sababli Charos 16 yoshga to'lganda pasport ololmaydi.  Maktabni ham o'sha eski hujjat bilan tamomlagan.

Nasiba Xolmurodova qizi turmushga chiqayotganligi sababli, unga yangi guvohnoma olish uchun tuman FHDYO bo'limiga murojaat qilgan. Uning murojaati mutaxassislar tomonidan o'rganib chiqilib, DXA Toshkent viloyati boshqarmasining huquqiy va amaliy ko'magi bois, qizining tug'ilganlik haqidagi guvohnomasi rasmiylashtirib berildi.

DXA Toshkent viloyati boshqarmasi

matbuot xizmati