– Yoshligimdan robototexnika va elektron oʻyinchoqlar yasashga qiziqardim, – deydi Doston. – Otam isteʼdodimni koʻrib, 2016-yilda robototexnika toʻgaragiga olib keldi. U yerda IT va robototexnika mutaxassisi Asad Donyorovga shogird tushib, u kishidan turli yoʻnalish va sohalarda robotlar va elektron oʻyichoqlar yasashni oʻrgandim va turli tanlovlar gʻolibi boʻldim. 2020-yil Kattaqoʻrgʻon shahridagi IT markazda robototexnika yoʻnalishida dars berishni boshladim. Shundan soʻng, oʻtgan yil yanvar oyida robototexnika boʻyicha tajribamni oshirish maqsadida Samarqand IT-Park filialiga tahsil oldim va uch oy oʻtgach, ilk startap loyihamni ishga tushirdim.

Koʻp oʻtmay yosh mutaxassis robototexnika yoʻnalishida “Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya” tanlovida oʻz loyihasi bilan ishtirok etib, top-10 talikka kirdi. Shuningdek, Doston Smart World Accyess Technology loyihasini ishga tushirdi va uning rahbariga aylandi. Hozirda Doston 14 kishidan iborat jamoa bilan axborot texnologiyalari, robototexnika, mexatronika, sxemotexnika, dasturlash va 3D modellashtirish yoʻnalishlarida “Alko tester”, “Yuqori texnologiyalar muzeyi”, “Utility SS99 robot”, “Aqlli hassa”, “Arm Robot”, “Gaz detektori”, “Gid robot”, “Robot lab”, “Suvosti roboti”, “I.B.K uz”, “Women Union kabi yangi startap loyihalarni yaratib, ular ustida ishlamoqda.

“Alko tester” va “Imkoniyat Baxt Kelajak uz” ana shunday startap loyihalar sirasiga kiradi. Doston bugungi kunda shu ikki loyihani ommaga taqdim qilmoqchi.

– “Alko tester” loyihasining umumiy qiymati 500 million soʻm, – deydi Doston Ishanov. – Qurilma insonning spirtli ichimlik isteʼmol qilgan yoki qilmaganini vaucherda aniq koʻrsatadi. Bu loyiha koʻproq yoʻl patrul xizmati xodimlariga juda asqotadi. “Imkoniyat Baxt Kelajak uz” loyihasining qiymati esa 370 million soʻm boʻlib, imkoniyati cheklangan yoshlarga moʻljallangan. Bu platforma orqali fan, taʼlim yoʻnalishidagi topshiriqlar, dasturlash mashgʻulotlari virtual laboratoriyada internet orqali bajariladi.

Eʼtiborlisi, Doston Ishanov Xitoyda WUXI universitetining ikkinchi bosqichida tahsil olish bilan birga, IT-Park Samarqand filialida robototexnika boʻyicha 50 nafardan ortiq yoshlarga va tengdoshlariga dars bermoqda. U ham murabbiy sifatida, ham loyihalari ustida astoydil mehnat qilib, oyiga 1000 dollar pul topadi va yangi loyihalar yaratadi.

- IT sohasida yangi dasturlar va robotexnikaning yaratilmagan tiplarini ixtiro qilishni maqsad qilganmiz, - deydi Doston. – Bilganlarimni tengdoshlarimga, yoshlarga oʻrgatyapman, ustozlardan maslahat olib, loyihalar ustida birgalikda ishlayapmiz. Oʻylaymanki, biz yaratayotgan bu loyihalar xorij davlatlarida yurtimz brendi bilan taniladi.

Yosh mutaxassis faoliyati davomida robototexnika yoʻnalishida texnik ijodkor yoshlar oʻrtasida “Carnaval of Robotic”, “Spotlight Digital Challenge” xalqaro tanlovlar ishtirokchisi va gʻolibi, eng yaxshi gʻoya muallifi, “The best”, Robot-2021” respublika koʻrik-tanlovlari sovrindori hamda nufuzli musobaqalar ishtirokchisi boʻlgan. Doston joriy yil robototexnika yoʻnalishida Singapore AUV Challenge hamda Turkiyada boʻlib oʻtadigan Technofest-2022 xalqaro tanlovida ishtirok etadi.

Fazliddin Roʻziboyev