“Oʻzbekkosmos” agentligi oʻtgan 2024-yilda koʻplab samarali ishlarni amalga oshirdi.

 

Xususan, aerokosmik texnologiyalarni qoʻllagan holda olib borilayotgan Davlat kosmik monitoringi tizimi orqali ekologiya, geologiya, qishloq xoʻjaligi, yer munosabatlari, suv xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi kabi sohalar tahlil qilinib, 100 mingdan ortiq ehtimoli yuqori boʻlgan qonunbuzilish holatlarni aniqladi. Agentlik muassisligidagi Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi tomonidan yer munosabatlari yoʻnalishida Respublika kesimida 96 ming 312 ta qariyb 9 ming 200 gektar ehtimoli yuqori boʻlgan oʻzboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlar mavjudligi aniqlangan.

 

— Taʼkidlash joiz, kosmik suratlarni qayta ishlash natijasida geologiya yoʻnalishida respublika boʻyicha 2 ming 426 ta noqonuniy karyer, qazib olish ishlari olib borilayotgan 2 543 gektar maydon aniqlandi. Qolaversa, Davlat kosmik monitoringi doirasida ekologiya yoʻnalishi boʻyicha 12 ta hududning qariyb 721 gektar maydonida 1 ming 928 ta noqonuniy chiqindixona mavjud ekanligi aniqlandi. Qolaversa, “Oʻzbekkosmos” agentligi atrof muhit hamda yer unumdorligiga yetkazilayotgan zararlarni aniqlash va oldini olish maqsadida kosmik monitoring orqali Surxondaryo, Toshkent, Andijon, Jizzax, Namangan, Samarqand, Fargʻona, Qashqadaryoda 2024-yilning iyun iyul oylarida boshoqli don ekinlaridan boʻshagan 31 ming 483,2 gektar maydonda somon poyalari va qoldiqlari yonishi bilan bogʻliq jami 2 ming 266 ta holatni aniqladi, — deydi “Oʻzbekkosmos” agentligi boʻlim boshligʻi Shohruh Nasrullayev.

 

Taʼkidlash joiz, agentligi koʻmagida 2024-yil davomida 10 nafar yosh “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendianti sifatida Buyuk Britaniya va AQSHdagi oliygohlarga bakalavr hamda magistratura yoʻnalishlarida tahsil olish uchun yuborildi.

 

Yoshlarning kosmonavtika va muhandislikka boʻlgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida “Oʻzbekkosmos” agentligi joriy yilda 10 nafar iqtidorli maktab oʻquvchilarini Turkiyaning Bursa shahridagi “Guhem” kosmik va aviatsiya markaziga yubordi. U yerda yoshlar 150 dan ziyod interfaol mashgʻulotlarda ishtirok etib, simulyatsion kosmik sunʼiy yoʻldoshlar, aviatsiya tizimlari bilan yaqindan tanishdi.

 

Oʻtgan yilda Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumani “Yangi hayot” aerodromida OTM talabalari hamda maktab oʻquvchilari ishtirokida “CanSat” loyihasi amalga oshirilib, yosh ixtirochilar oʻzlari ishlab chiqqan kichik sunʼiy yoʻldoshlarni dron yordamida 200 va 500 metr balandlikkacha uchirdi. Aynan yoshlarning kosmos sohasiga boʻlgan qiziqish va bilimlarini oshirish maqsadida “Aloqa tarixi muzeyi”da Oʻzbekkosmos agentligi tashabbusi bilan maxsus ekspozitsiya ochildi.