Sovuq kunlarda tabiiy gazni birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib berish uchun avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan edi.
Bugungi kunda gaz quvurlarida bosimning meʼyorga kelishi natijasida aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan bir maromda taʼminlash imkoni yaratilmoqda.
Shu sababli, joriy yil 2-fevraldan boshlab mahalliy hokimliklar tomonidan taqdim etilgan roʻyxat asosida AGTKSHlar faoliyati bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyiladi, deyiladi Energetika vazirligi axborotida.
Taʼkidlanishicha, AGTKSHlarning faoliyat yuritish vaqti hududlar sharoitidan kelib chiqqan holda mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan tarzda amalga oshiriladi.
AGTKSHlar faoliyatidagi vaqt cheklovlari gaz quvurlarida bosimning koʻtarilib borishiga mos ravishda oʻzgartirib boriladi.