Aniqlanishicha, shu yil 23-noyabr kuni Guliston tumanidagi 14-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 2-“B” sinf oʻquvchilariga reja boʻyicha 5 soat dars oʻtilishi kerak boʻlgan. Jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari uchun malaka (amaliy) sinovlari boʻlib oʻtkazilayotgani sababli shu kungi darslar ixchamlashtirilgan. Sinf rahbari Sohiba Imomova darslarni oʻtib boʻlgach, oʻquvchilarga uyiga ketish uchun javob bergan.
Darsi tugagandan soʻng 2-“B” sinfning barcha oʻquvchilari qatori Hasan-Husan Abdurahmonovlar uyiga yoʻl olgan. Yoʻlda Hasan-Husan maktab hududining tashqarisida joylashgan elektr transformatori ostiga kirib qolgan kuchukni koʻrib qolgan. Transformator qoplama qismining ochiq joyidan Husan Abdurahmonov qoʻlini kirgizib kuchukni olmoqchi boʻlgan vaqtda elektr toki urishi oqibatida boshi, qorni, qoʻli va oyogʻidan tan jarohati olgan.
Voqea joyiga tezda yetib borgan maktab oʻqituvchisi Furqat Abilov bolani chiqarib olgan. Maktab hamshirasi Muhabbat Rahimova birinchi tibbiy yordam koʻrsatgan. Shundan soʻng zudlik bilan tuman shoshilinch tibbiy yordam boʻlimi va bolaning oilasiga xabar berilgan. Hozir jarohatlangan oʻquvchi tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari nazoratida muolaja olmoqda.