20 MVt quvvatga teng Chorvoq shamol elektr stansiyasi qurilishiga rasman start berildi

    2025-yil 30-iyul kuni Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida “Chorvoq shamol elektr stansiyasini qurish” loyihasiga rasman start berildi.

    Bu munosabat bilan loyihaga tamal toshi qoʻyish marosimi oʻtkazildi.

    Loyiha Xitoy tomonidan ajratilgan 28 million AQSH dollari miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri begʻaraz yordam (grant) asosida amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihani 2025–2026-yillar davomida amalga oshirish rejalashtirilgan.

    Loyiha doirasida 20 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi quriladi. Bu orqali yiliga oʻrtacha 50 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgan. Shu bilan birga, 30 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

    Qurilish ishlari yuzasidan Xitoyning Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni Savdo departamenti tomonidan oʻtkazilgan tanlovda “TBEA Co., Ltd” kompaniyasi bosh pudratchi sifatida gʻolib boʻldi.

    Ayni paytda Boʻstonliq tumanidagi Boʻrchmulla hududida Toshkent viloyati hokimining tegishli qaroriga asosan ajratilgan 10 gektar yer maydonida qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Xitoydan zamonaviy texnologik uskunalar olib kelinib, bosqichma-bosqich montaj qilinmoqda.

    Ushbu shamol elektr stansiyasi orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi yiliga 811,1 ming kub metr tabiiy gaz yoki 3,15 ming tonna koʻmirni tejash imkonini beradi. Bu esa nafaqat ekologik jihatdan, balki iqtisodiy jihatdan ham samarali yechim hisoblanadi.

    Zulhumor Akbarova

    Hamkorlik materiali