Fanlar akademiyasida 200ga yaqin ilmiy ishlanma namoyish etilmoqda

    Bugun mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida ilmiy yutuqlar ko'rgazmasi ish boshladi.

    Mahalliy iqtisodiyotni, jumladan, qishloq xo'jaligi, kimyo sanoati, tog'-konchilik, farmatsevtika sohalarini rivojlantirishdagi salmoqli ilmiy hajmdor mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda yangi texnologiyalarni tadbiq etish, mavjudlarini takomillashtirish, FA ilmiy ishlanmalari bilan keng jamoatchilikni tanishtirish maqsadida tashkil etilgan ko'rgazmada Fanlar akademiyasi olimlarining 200ga yaqin ishlanmalari namoyish etilmoqda. Fizika-matematika, texnika, kimyo-biologiya va gumanitar yo'nalishdagi ilmiy muassasalar, muzeylarning qishloq xo'jaligi, kimyo, farmatsevtika sanoati uchun ishlanmalari, monografiyalar, kitob-al`bomlar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otmoqda.

    Shuningdek, ko'zrgazmada xorijiy davlatlar elchixonalari, yirik sanoat korxonalari hamda qishloq xo'jaligi klasterlari, 10 dan ortiq vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etayotir.

    Mazkur ko'rgazma olimlar tomonidan yaratilayotgan ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish, so'nggi ilmiy ishlar natijalari bilan keng jamoatchilikni tanishtirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta'minlash imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.