Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo'lib o'tgan yig'ilishda “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimi yanada takomillashtirilishi hamda ayrim jinoyatlarni dekriminalizatsiya qilish munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun loyihasi muhokama etildi.
Ushbu loyiha bilan elektr va issiqlik energiyasi, gaz, ichimlik suvidan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog'liq jinoyatlarni, agar huquqbuzarlik natijasida ancha miqdordan kam bo'lgan zarar etkazilgan bo'lsa, dekriminalizatsiya qilishni nazarda tutuvchi o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish belgilanyapti.
Huquqni qo'llash amaliyotining tahlili elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog'liq huqubuzarliklarning soni ortib borayotganini ko'rsatmoqda. Jumladan, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 101-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarning soni o'sib borganini kuzatish mumkin.
SHuningdek, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 163-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik 2018 yilda 1,5 mingta, 2019 yilda esa 1,6 mingta aniqlanib, hujjatlar ko'rib chiqish uchun sudlarga yuborilgan. SHulardan kelib chiqib, qonun loyihasida yuqorida qayd etilgan moddalarning sanktsiyalarini oshirish taklif etilmoqda.
Misol uchun, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 101-moddasida elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog'liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilgan holda fuqarolarga BHMning 7 baravaridan 15 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima jazosini belgilash nazarda tutilmoqda. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo'llanilganidan keyin 1 yil davomida takroran sodir etilgan bo'lsa, fuqarolarga BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 25 baravaridan 50 baravarigacha jarima jazosini belgilash ko'zda tutilyapti.
Qonun loyihasini qabul qilinishi tufayli ijro tartib-taomillari yanada soddalashtiriladi, sud hamda boshqa organlar hujjatlarining so'zsiz va o'z vaqtida ijro etilishi ta'minlanadi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati.