Oʻzbekistonda aholi tomonidan moliyaviy xizmatlardan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan bir qancha islohotlar amalga oshirildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-martdagi PQ-3620-sonli “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi, 2019-yil 23-iyuldagi PQ-4400-sonli “Mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari, hamda "2021-2023-yillarga moʻljallangan Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish milliy strategiyasi" qabul qilindi.
Oʻtgan 4-yil davomida aholi tomonidan oʻz daromadlarini bank depozitlariga joylashtirish darajasi oshdi. 2024-yil 1-dekabr holatiga koʻra, tijorat banklari tomonidan aholidan jalb qilingan milliy valyutadagi depozitlar qoldigʻi 2021-yilning boshidagiga nisbatan 4,1 barobarga (21,4 trln. soʻmdan 86,7 trln. soʻmga), chet el valyutasidagi depozitlar qoldigʻi esa 2,6 barobarga (993,3 mln. AQSH dollaridan 2,6 mlrd. AQSH dollariga) oʻsdi. Shuningdek, 2021-yilda aholi jami daromadlarining 4,7 foizini jamgʻarma va muddatli depozitlarga joylashtirilgan boʻlsa, 2023-yilning yakuniga kelib, ushbu koʻrsatkich 8,6 foizga yetdi.
Bundan tashqari, 2024-yilning yanvar noyabr oylarida ajratilgan jami kreditlar hajmi 2021-yilning mos davridagiga nisbatan 2,6 barobarga (36,1 trln. soʻmdan 93,4 trln. soʻmga), shundan, isteʼmol krediti hajmi 1,9 barobarga (8,9 trln. soʻmdan 16,9 trln. soʻmga), mikroqarzlar miqdori 4,5 barobarga (9,1 trln. soʻmdan 40,7 trln. soʻmga) hamda ipoteka kreditlari 1,8 barobarga (8,1 trln. soʻmdan 14,8 trln. soʻmga) oshdi.
Shuningdek, masofaviy bank xizmatidan foydalanuvchilar soni sezilarli darajada oshdi. 2024-yilning noyabr oyida masofaviy bank xizmatidan foydalanuvchilar soni 46,9 mln. kishiga yetib, 2021-yilning yanvar oyidagiga nisbatan 1,6 barobarga koʻpaydi.
Darhaqiqat oʻtgan 4-yil davomida sugʻurta tashkilotlari tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar koʻlami ham sezilarli darajada oshdi. Misol uchun 2023-yilda sugʻurta mukofotlari hajmi 2022-yildagiga nisbatan 30 foizga oshgan boʻlsa, 2024-yilning 9 oyida ushbu oʻsish 13 foizni tashkil qildi. Shuningdek, tuzilgan shartnomalar soni 2023-yilda 26,7 foizga, 2024-yilning 6 oyida 10,5 foizga koʻpaygan.