Hujjat atrof muhitning ifloslanish darajasini baholash mexanizmlarini takomillashtirish, atrof tabiiy muhitni kuzatish, uning ifloslanish darajasini bashorat qilish, davlat ekologik nazoratini doimiy axborot bilan taʼminlash, ifloslantiruvchi manbalarning holati va atrof muhitga taʼsiri monitoringini amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining Yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasi yaratildi. Qaror bilan 2021-yil 1-noyabrga qadar atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi boʻyicha idoraviy elektron axborot maʼlumotlar bazasining Yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilinishini taʼminlash topshirigʻi berildi.

2021-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhit monitoringi dasturi tasdiqlandi, unda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • quyidagilar:
    • suv resurslari, atmosfera havosi va tuproqlarni ifloslantiruvchi manbalar;
    • atmosfera havosi, yer usti va yer osti suvlari hamda yerlarning ifloslanishi;
    • xavfli ekzogen geologik jarayonlar;
    • koʻllar ekotizimlari;
    • oʻsimlik va hayvonot dunyosi obyektlari;
    • atrof muhitning transchegaraviy ifloslanish monitoringi;
  • tahlil laboratoriyalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va oʻlchov-nazorat asbob-uskunalarini modernizatsiya qilish;
  • ilmiy ishlar va innovatsion tadbirlarni amalga oshirish.

Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va Suv xoʻjaligi vazirligiga ichimlik suv havzalaridagi suv sifatini oʻrganish, ularning ifloslanishining oldini olish, ifloslantiruvchi manbalarni aniqlash va bartaraf etish, mikrobiologik va sanitariya koʻrsatkichlari boʻyicha kuzatuvlar oʻtkazish topshirildi.

Gidrometereologiya xizmati markaziga respublikadagi 22 ta shahar va boshqa aholi punktlarida joylashgan 61 ta turgʻun postlarda atmosfera havosining sifati boʻyicha kunlik, mayda dispersli zarrachalar boʻyicha oylik kuzatishlar olib borilishini taʼminlash topshirildi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 4.06.2021-yildan kuchga kirdi.