Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, stipendiyalar va jarimalar oshiriladi

Prezident qaroriga koʻra, byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda stipendiyalar miqdori 1,1 barobarga oshiriladi.

Shuningdek, 2021-yil 1-fevraldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida:

  • mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori — oyiga 747 ming 300 soʻm;

  • bazaviy hisoblash miqdori (BHM) — 245 ming soʻm etib belgilandi.

BHM miqdori 245 ming soʻm etib belgilanishi ortidan BHMga bogʻlangan maʼmuriy va boshqa jarimalar miqdorlari ham oshadi.

Bir qator neft mahsulotlariga soliq stavkalari oshiriladi

Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-659-sonli Qonuniga asosan quyidagi bir qator neft mahsulotlariga soliq stavkalari oshiriladi:

  • Ai-80 tonnasiga ;

  • Ai-90 va undan yuqori;

  • aviakerosin (sintetikdan tashqari);

  • dizel yoqilgʻisi (sintetikdan tashqari);

  • EKO dizel yoqilgʻisi (sintetikdan tashqari);

  • dizel yoki karbyurator (injektor) dvigatellari uchun motor moyi.

Bundan tashqari, qonun bilan tamaki va alkogol mahsulotlarining ham soliq stavkalari oshiriladi.

Oʻrmon xoʻjaligi sohasida ilm-fan rivojlantiriladi

“Oʻrmon xoʻjaligi sohasida ilm-fanni rivojlantirish va ilmiy-tadqiqot ishlarini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriga muvofiq, 2021-yil 1-fevraldan quyidagilar tashkil etiladi:

- Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasida Ilmiy tashkilotlar faoliyati va innovatsiyalarni joriy etishni muvofiqlashtirish boshqarmasi;

- Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti huzurida davlat muassasasi shaklidagi Pistachilik ilmiy-tajriba stansiyasi hamda Oʻrmon iqtisodiyoti boʻlimi.

Shuningdek, qoʻmita tizimidagi Oʻrmon va dorivor oʻsimliklar urugʻchiligini tahlil qilish markazi tugatilib, Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutiga beriladi.

“Oʻrmonloyiha” DUK negizida davlat muassasasi shaklidagi “Oʻrmonloyiha” loyihalash instituti tashkil etiladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hududiy boʻlinmalarida hududiy eksport shtablari tashkil etiladi

“2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasining eksport salohiyatini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qaroriga muvofiq, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan eksportchi tashkilotlarga eksportoldi moliyalashtirish ajratilishini taʼminlaydi.

Sudyalar faoliyati elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholanadi

Prezident farmoniga muvofiq, sud tizimida korrupsiya holatlarining oldini olish, Sudyalar oliy kengashi va sud tizimi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash borasida:

  • ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash boʻyicha imtihon jarayonlarini Internet tarmogʻi (veb-sayt) orqali onlayn tarzda yoritib borishni yoʻlga qoʻyish;

  • sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti boʻyicha kasbga munosibligini baholashga koʻmaklashuvchi elektron dasturni ishlab chiqish va joriy qilish;

  • sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni taʼminlaydigan aniq mezonlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish ishlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, 1-fevraldan Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipakning olib chiqilishini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom kuchga kiradi.

Bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipakning olib chiqilishi monitoring qilinadi

“Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori bilan bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipakning olib chiqilishini monitoring qilish tartibi belgilandi.

Unga koʻra, 2021-yil 1-fevraldan boshlab eksport qiluvchi tashkilotlar tomonidan taqdim qilingan eksport kontraktlari “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan 2 ish kunida Prezident va Hukumat qarorlarida belgilangan hajmlarga muvofiqligi boʻyicha monitoringdan oʻtkaziladi.

Tugʻilganlikni qayd etish bilan bogʻliq kompleks davlat xizmatlari koʻrsatiladi

“Tugʻilganlikni qayd etish bilan bogʻliq kompleks davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Hukumat qaroriga muvofiq, tugʻilganlikni qayd etish bilan bogʻliq kompleks davlat xizmatlari Toshkent va Nukus shaharlarida, 2021-yil 1-fevraldan barcha viloyatlar markazlarida, 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab esa — butun respublika hududida koʻrsatiladi.

Maʼlumot uchun, tugʻilganlikni qayd etish bilan bogʻliq kompleks davlat xizmatlari:

  • bolaning ota-onasi yoki vasiysi (homiysi), tutingan ota-onasi, ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar yoki ularning yaqin qarindoshlariga yoxud ota-onasidan biri vakolat bergan boshqa shaxslarga tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma berish;

  • tugʻilganlikni qayd etish;

  • poliklinikaga hisobga qoʻyish;

  • bir martalik nafaqa pulini olish;

  • bolani otasi yoki onasi yohud vasiysi (homiysi), tutingan ota-onasi doimiy roʻyxatda turgan manzili boʻyicha roʻyxatga qoʻyish;

  • bolani davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga navbatga qoʻyish boʻyicha koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini qamrab oladi.

Eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan alkogol va tamaki mahsulotlari markalanmagan hisoblanadi

“Alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish toʻgʻrisida” Hukumat qarori bilan eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan ulgurji va chakana savdo tarmogʻidagi alkogol va tamaki mahsulotlari 2021-yil 1-fevraldan markalanmagan deb hisoblanadi va belgilangan tartibda olib qoʻyiladi.

Toshkent – Andijon – Toshkent yoʻlovchi poyezdlarining joʻnash va qabul qilish manzillari oʻzgaradi

2021-yilning 1-fevraldan boshlab Toshkent – Andijon – Toshkent yoʻnalishida harakatlanayotgan 60/59-sonli yoʻlovchi poyezdlarining joʻnash va qabul qilish manziliga oʻzgarish kiritildi.

Xususan, mazkur sanadan boshlab, Toshkent – Andijon yoʻnalishida harakatlanayotgan 60-sonli yoʻlovchi poyezdi Toshkent-markaziy vokzalidan harakatini boshlaydi, shuningdek, Andijon – Toshkent yoʻnalishida harakatlayotgan 59-sonli yoʻlovchi poyezdi Toshkent-markaziy vokzaliga qabul qilinadi.