“Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriga koʻra, 2021-yil 1-martdan taʼlim sifati past maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega oʻqituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar joriy qilinadi.
Tadbirkorlarga maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalarni oʻrnatishga ruxsat beriladi
“Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriga koʻra, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida 2021-yil 1-martdan tadbirkorlarga avtomobil yoʻllarida yoʻl harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalari oʻrnatilishini tashkil etish huquqi beriladi.
Ayrim taʼlim tashkilotlari xalq taʼlimi sohasidagi xodimlarning malakasini oshiradi
2021-yil 1-martdan pedagog kadrlar tayyorlaydigan OTM hamda litsenziyaga ega nodavlat taʼlim tashkilotlariga xalq taʼlimi sohasida faoliyat koʻrsatayotgan rahbar, mutaxassis va pedagog xodimlarning malakasini oshirish huquqi beriladi.
Aliment majburiyatlarini bajarish aliment majburiyatlarni ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi orqali amalga oshiriladi
Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi aliment majburiyatlari boʻyicha alohida bank hisobvaragʻi bilan integratsiya qilinadi.
Tadbirkorlar davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ayrim turdagi davlat xizmatlari koʻrsatilishida agent sifatida ishtirok etishi mumkin
“Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Qaroriga koʻra, 2021-yil 1-martdan tadbirkorlar davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ayrim turdagi davlat xizmatlari koʻrsatilishida agent sifatida ishtirok etishi mumkin.
Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklar ichki ishlar organlari tomonidan aniqlanadi
Ijro hujjatlarida majburiy tartibda qarzdor-jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (Oʻzbekiston fuqarosi hisoblanmagan jismoniy shaxs boʻyicha – shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarning rekvizitlari), shuningdek, qarzdor – yuridik shaxsning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami koʻrsatiladi.
Ikki qavatdan yuqori boʻlgan bino va inshootlar ularning loyiha hujjatlari majburiy ekspertizadan oʻtkazilgan holda quriladi
2021-yil 1-martdan ikki qavatdan yuqori (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq boʻlgan bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish obyektning loyiha hujjatlari majburiy ekspertizadan oʻtkazilgan hamda Qurilish vazirligi qoshidagi qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan davlat qurilish nazorati oʻrnatilgan holda amalga oshiriladi.
Qattiq maishiy chiqindilarni saralab yigʻish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi
“Toshkent shahrida maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga koʻra, Davlat ekologiya qoʻmitasi tizimidagi “Maxsustrans” davlat unitar korxonasi va “Chiqindilarni qayta yuklash va utilizatsiya qilish” davlat korxonasi Toshkent shahar hokimligi tizimiga oʻtkaziladi.
Bir qator davlatlar fuqarolariga Oʻzbekistonga vizasiz kirishga ruxsat beriladi
Oʻzbekiston hududiga kirgan kundan eʼtiboran 10 kunlik muddatga oʻz yoki uchinchi mamlakatga uchish aviachiptasini taqdim qilgan Bahrayn Qirolligi, Qatar Davlati, Quvayt Davlati, Ummon Sultonligi va Xitoy Xalq Respublikasi, shu jumladan Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong va Makao maxsus maʼmuriy hududlari fuqarolari uchun vizasiz rejim belgilandi.
Kumushni birja orqali zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga erkin sotish tartibi joriy etiladi
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Markaziy bank va “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasining 2023-yil 1-martga qadar zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida yoki kechiktirib toʻlash sharti bilan sotish tartibini joriy qilinadi.
Qishloq xoʻjaligida tadbirkorlarni jalb etgan holda kichik ilmiy-innovatsion korxonalar tashkil etishga ruxsat beriladi
Tajriba tariqasida, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarida tadbirkorlarni jalb etgan holda kichik ilmiy-innovatsion korxonalar tashkil etishga ruxsat beriladi.