2021-yil 1-sentyabrdan boshlab:
Oʻzbekiston Respulikasi Prezidentining 2021-yil 17-avgustdagi “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi PF-6279-son Farmoniga asosan, 2021-yilning 1-sentyabridan boshlab byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori 1,1 barobarga oshiriladi.
Farmonga koʻra:
mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori – oyiga 822 000 soʻm;
bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 270 000 soʻm;
pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 289 000 soʻm;
yoshga doir eng kam pensiyalar – oyiga 565 000 soʻm;
bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan nafaqa – oyiga 622 000 soʻm;
zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa – oyiga 440 000 soʻm;
ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi pensiyalarning eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda – oyiga 440 000 soʻm;
belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 623 000 soʻmgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik boʻyicha pensiyalari miqdori – oyiga 623 000 soʻm etib belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-maydagi “Avtomobil transportida yoʻlovchilar tashish faoliyatini tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5108-son Qaroriga asosan, 2021-yil 1-sentyabrdan yakka tartibdagi tashuvchilar oʻz faoliyatini faqatgina agregatorlar xizmatidan foydalangan holda amalga oshiradi.
Agregatorlar xizmatidan foydalanishning shartlari etib:
yuridik shaxslarga tegishli yoʻnalishsiz taksilarda yoki yakka tartibdagi tashuvchi sifatida yoʻlovchi tashishni amalga oshirishga litsenziya varaqasiga ega boʻlish;
“Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimiga ulangan koʻp tarmoqli poliklinikalar, xususiy tibbiyot muassasalari, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish sharoiti mavjud boʻlgan avtomobil transportida yoʻlovchilarni va yuk tashish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan korxonalarda hamda agregatorlar tomonidan tashkil qilingan maxsus tekshiruv punktlarida oylik tibbiy koʻrikdan oʻtish;
“Akkreditatsiya markazi” DUKda akkreditatsiyadan oʻtgan va “Uztrans”yagona interaktiv axborot tizimiga ulangan texnik xizmat koʻrsatish stansiyalarida 6 oyda kamida 1 marotaba texnik koʻrikdan oʻtish belgilandi.
Agregatorlik xizmatlarini koʻrsatish shartlari etib:
mijozlarni izlash boʻyicha maxsus dasturlarni Davlat soliq qoʻmitasining elektron axborot bazasi hamda “Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimiga integratsiyalash;
oʻz xizmatlarini faqatgina yuridik shaxslarga tegishli yoʻnalishsiz taksilarga yoki yakka tartibdagi tashuvchi sifatida yoʻlovchi tashishni amalga oshirishga litsenziya varaqasiga ega boʻlgan shaxslarga koʻrsatish belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-martdagi “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 125-son qaroriga asosan, 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab:
jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan M1 toifadagi avtotransport vositalarini tadbirkorlik subyektlari tomonidan majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishda harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalaniladi;
xorijiy davlatlarga chiqadigan transport vositalaridan tashqari barcha transport vositalariga texnik koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi talonlarni berish amaliyoti bekor qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-maydagi “Yoʻl harakati xavfsizligi sohasida davlat xizmatlari koʻrsatish tartib-tamoillarini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 271-son qaroriga asosan, haydovchilardan:
avtomototransport vositasini boshqarish uchun ishonchnoma (notarial tartibda tasdiqlangan);
texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot;
avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma elektron shaklga oʻtkazish orqali mazkur hujjatlarni avtomototransport vositasi haydovchisidan talab etish tartibi bekor qilinadi.









