2021-yil 3-mart kunidan boshlab kimyo va biologiya fanlaridan milliy test sinovlari boshlanadi

    Ta'lim 2 Mart 2021 2514

    Bu haqda AOKAda boʻlib oʻtayotgan matbuot anjumanida Davlat test markazi direktori oʻrinbosari Sardor Rajabov maʼlum qildi.

    Test sinovida qatnashish uchun talabgor Davlat test markazining rasmiy veb-saytida roʻyxatdan oʻtadi. Bunda test sinovida ishtirok etish uchun talabgordan ariza berilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida toʻlov undiriladi.

    Toʻlov talabgor tomonidan amaldagi elektron toʻlov tizimlari orqali ariza berilgan kundan boshlab uch kun mobaynida amalga oshiriladi. Toʻlov toʻgʻrisidagi maʼlumotni talabgor oʻzining shaxsiy kabineti orqali biladi.

    Agar ariza beruvchi turli sabablarga koʻra test sinovlarida ishtirok eta olmaydigan boʻlsa, DTMga test sinovlari oʻtkaziladigan kundan kamida uch kun oldin yozma va elektron shaklda murojaat etishi lozim. Uzrli sababga koʻra (kasalligi yoki oila aʼzolarining vafot etganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etganda) test sinovlarida qatnasha olmagan talabgor test sinovi boshlangan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni Davlat test markaziga bevosita yoki elektron tarzda taqdim etishi lozim. Bunda talabgorning arizasiga muvofiq navbatdagi test sinovlariga kiritilishi taʼminlanadi yoki toʻlangan toʻlov toʻliq miqdorda talabgorga qaytariladi.

    Talabgor test sinoviga kechikkan yoki sababsiz kelmagan hollarda, uning arizasiga binoan talabgor tomonidan amalga oshirilgan toʻlovning 50 foiz miqdori qaytariladi.

    Test sinovi oʻtkazilishi jarayonida talabgor bir vaqtda faqat bitta umumtaʼlim fanidan test topshirishiga ruxsat etiladi. Sertifikat test sinovi natijasi boʻyicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini toʻplagan shaxslarga 3 yil muddatga beriladi.

    Test sinovlari natijalari ular yakunlangan kundan boshlab yigirma ish kunidan kechikmay Davlat test markazining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi. Test natijalaridan norozi boʻlgan talabgor test sinovi natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida Davlat test markaziga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya berish huquqiga ega.

    Sertifikat test sinovidan ijobiy natijaga erishgan talabgorga test sinovi natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab bir hafta mobaynida Davlat test markazi direktorining buyrugʻi asosida elektron shaklda beriladi. Talabgor sertifikatni shaxsiy kabineti orqali yuklab olishi mumkin.

    Sertifikatlar reyestri Davlat test markazi tomonidan yuritiladi. Sertifikatning haqiqiyligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali tekshirish imkoniyati yaratiladi.

    Oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti hamda matematika fanlaridan test namunalari 3-mart kuni Davlat test markazining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

    Mazkur fanlardan test sinovlarini aprel oyining birinchi oʻn kunligida oʻtkazish rejalashtirilgan.