O'tgan yillar davomida bizning oilamiz qiyinchiliklarni boshdan kechirdi, moddiy jihatdan yetishmovchilik kuzatildi. Lekin yosh bo'lishimizga qaramay ukalarim bilan ishlab, onamga ko'maklashdik, ularga yelkadosh bo'ldik. Shu vaqt oralig'ida Toshkent yuridik kollejini tamomlab, birinchi yil universitetga o'qishga kira olmadim. Lekin bir yil davomida o'qishga puxta tayyorlanib, 2020 yil Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga kontrakt asosida o'qishga qabul qilindim. Hozirgi kunda ushbu oliygohning ikkinchi bosqich talabasiman.

2021 yilning 17 sentyabrida qabul qilingan hukumat qarori bilan ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo'q yolg'iz ayollar oliy ta'lim olishlarini moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlash tartibi to'g'risidagi nizom tasdiqlandi. Nizomga ko'ra, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2021/2022 o'quv yilidan boshlab har yili o'zlarining hududlaridan o'qishga kirgan 25 nafardan hamda 2-4 kurslarda o'qiyotgan 75 nafar (har bir kursdan – 25 nafardan), jami 100 nafar xotin-qizlar uchun to'lov-kontrakt summasini to'rt o'quv yilining yakunlanishiga qadar to'lab berilishi belgilangan. Shu sababli men ham o'zim tahsil olayotgan universitet dekanatiga ariza va tegishli hujjatlarni taqdim etdim. Murojaatim universitet tomonidan Toshkent viloyati hokimligiga yuborildi. Viloyat hamda Yangiyo'l tuman hokimligi xodimlari xonadonimizga kelib, ijtimoiy ahvolimizni o'rgandi. Otam vafot etgani, ukam ham 2021 yilda Toshkent davlat texnika universitetiga kontrakt asosida o'qishga kirganini hisobga olib, menga 2021/2022 yil to'lov-kontraktim yuz foiz to'lab berildi. O'qishimning keyingi yillari uchun ham kontrakt pullari davlat omonidan to'lab beriladi. Murojaatim tez fursatda ijobiy hal etilganidan judayam xursand bo'ldim, davlatimizning, Prezidentimizning biz yoshlarga g'amxo'rligini dildan his etdim.

Shuni alohida aytish joizki, davlatimiz rahbari Uchinchi Renessans bunyodkorlari sifatida biz yoshlarga katta ishonch bildirmoqda, buning uchun bizga barcha shart-sharoitlarni yaratib beryapti. Mamlakatimizda kuchli ijtimoiy siyosat yuritilib, kam ta'minlangan oilalar farzandlarining oliy ta'lim muassasalarida tahsil olishlari uchun moddiy yordam ko'rsatilmoqda.

2021 yil men va bizning oilamiz uchun har jihatdan omadli yil bo'ldi, desam mubolag'a bo'lmaydi. Ukam universitet talabasi bo'ldi. Menga hukumatimiz tomonidan to'lov-kontraktim uchun ijtimoiy yordam ko'rsatildi. Eng asosiysi, onamning orzulari amalga oshayotganidan baxtiyorman.    

Ayni paytda universitda fors-ingliz yo'nalishiga tahsil olyapman. Shu bois ingliz va fors tillarini o'rganyapman. Prezidentimizning biz yoshlarga yaratib berayotgan sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, kelajakda xalqaro tashkilotlarda faoliyat yuritib, mamlakatimizning xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar o'rtasidagi hamkorlikka hamda yurtimiz ravnaqiga o'z hissamni qo'shmoqchiman.

Maftuna Abdurahmonova,

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi