2021-yil gʻalla hosili uchun sifatli urugʻlik don tayyorlash qay ahvolda?

    Agrosektor 28 Sentabr 2020 2283

    Respublikada kelasi yil gʻalla hosili uchun “Oʻzdonmahsulot” AK tizimidagi 38 ta korxonalar hamda Agroklasterlarning 4 ta korxonasi tomonidan jami 272,1 ming tonna urugʻlik don tayyorlash rejalashtirilgan boʻlib, hozirgi kunga qadar 91,5 foiz ( 248,8 tonna) urugʻlikni saralash-dorilash ishlari amalga oshirilgan.

    Jumladan, Jizzax viloyatida 62 foiz, Qashqadaryo viloyatida 76,3 foiz, Toshkent viloyatida 87 foiz, Sirdaryo viloyatida 89,3 foiz, Fargʻona viloyatida 94 foiz, Surxondaryo viloyati 95 foiz va Buxoro viloyati 97 foizga saralash-dorilash tadbirlari belgilangan muddatda yakunlanmagan.

    Inspeksiya tomonidan standart talablar asosida sifatli urugʻlik tayyorlash maqsadida tizimli va qatʼiy nazorat oʻrnatilgan boʻlib, “Oʻzdonmahsulot” AK hamda Agroklasterlarga qarashli jami urugʻlik-don tayyorlayotgan 67 ta sexlarga inspeksiyaning hududiy boʻlimlari xodimlari birikitirildi va ular tomonidan davlat standarti talabi asosida urugʻlik don tayyorlash, saqlash, qayta ishlash va navlar aralashmasligi boʻyicha doimiy nazorat ishlari olib borilmoqda.

    Shuningdek, Inspeksiya huzuridagi “Agrosanoat majmuida xizmatlar koʻrsatish markazi” DUK tomonidan 227 ming tona urugʻlik don toʻdalaridan namunalar olinib 177 ming tonna urugʻliklarga muvofiqlik sertifikatlari berildi.

    Don ekinlari urugʻlari yetishtirilishini nazorat qilish boʻlimi tomonidan inspeksiyaning hududiy boshqarmalariga urugʻlik don toʻdalarini belgilangan tartibda sertifikatlash va ekish uchun fermer xoʻjaliklariga yetkazib berish ishlarini nazoratga olish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berilib, kunlik nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

    Sh. Xayitov,

    “Oʻzagroinspeksiya”,

    Don ekinlari urugʻlari yetishtirilishini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi