Hukumat tomonidan iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlar, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqot formatida boʻlib oʻtgan uchrashuvidan soʻng amalga oshirilgan qator chora-tadbirlar 2021-yilda iqtisodiy oʻsishning ijobiy surʼatlarini saqlab qolishga imkon berdi.

2021-yilda ishbilarmonlik muhitining barcha koʻrsatkichlari yuqori darajada saqlanib qoldi. 2021-yilda oʻrtacha yillik yigʻma indikatori 60 punktni tashkil etdi, bu esa 2020-yilga nisbatan 18 punktga koʻpdir.

2021-yilda ishbilarmonlik muhiti koʻrsatkichlarining oʻzgarishi

Ishbilarmonlik muhiti yigʻma indikatorining maksimal qiymati yanvar oyida 69 punkt va minimal qiymati esa may oyida (53 punkt) qayd etildi.

Ishbilarmonlik muhiti indikatorining dinamikasi

2021-yilning may oyida sanoat sektori vakillari tovarlarga boʻlgan talab (55%), xom ashyo bilan taʼminlanish (13%) pasayganidan xavotirda edi. Qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari ahvolning yomonligini suv taʼminotidagi qiyinchiliklar bilan bogʻlashdi.

FAO maʼlumotlariga koʻra, 2020-yilning iyun oyidan 2021-yilning aprel oyigacha boʻlgan davrda mamlakatning barcha hududlarida yogʻingarchilikning kamayishi kuzatilgan. Bundan tashqari, 2021-yil fevral oyi oxirida havo haroratining -12 darajagacha keskin pasayishi (Qoraqalpogʻistonda -22 daraja) aholi oʻrtasida talabning yomonlashishiga, qurilish ishlarining vaqtincha toʻxtab qolishi, shuningdek, qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarishning sekinlashishiga (meva va rezavorlar yigʻim-terimida taxmin qilingan zarar 30% dan 80% gacha baholandi) olib keldi.

43% tadbirkorlarning fikricha, 2021-yilning har oy oʻrtacha ishbilarmonlik muhitining holati yaxshi ekani kuzatilgan, 46%ining aytishicha, tovar va xizmatlarga talab yaxshilangan, 26%ining taʼkidlashicha, ishchilar soni koʻpaygan.

Taʼkidlash joizki, 2021-yil kichik va oʻrta biznes vakillari juda yuqori optimizm bilan ajralib turdi. Qisqa muddatda ishbilarmonlik umumiy holatining yaxshilanishi oʻrtacha 77% respondentlarda kuzatildi.

2021-yil dekabr oyida ishbilarmonlik muhitidagi oʻzgarishlar

Oʻtgan yilning dekabr oyida ishbilarmonlik muhitining yigʻma indeksi 2020-yilning shu davriga nisbatan 10 punktga oshdi va 62 punktni tashkil etdi. Bu esa Oʻzbekistondagi ishbilarmonlik muhitining holatini ijobiy (2020-yilning dekabr oyida – 52 p.) deb baholaydi.

Ishbilarmonlikning joriy holat indikatori 50 punktni (noyabrda – 44 p.) tashkil etdi, bu tadbirkorlarning hozirgi holatga nisbatan ijobiy kayfiyatini tavsiflaydi (2020-y. dekabrda – 33 p.).

Joriy holat indikatorining oʻsishi sanoatda – 47 punkt (noyabr – 38 p.), xizmatlarda – 51 punkt (noyabr – 45 p.), qishloq xoʻjaligida – 52 (noyabr – 47 p.) va qurilishda – 51 punkt (noyabr - 49 p.), bu korxonalar oʻrtasida tadbirkorlar kayfiyatining yaxshilanishi bilan bogʻliq.

Biznesni rivojlantirish istiqbollari kutilmalari indikatori 75 punktni (noyabr - 67 punkt) tashkil etdi. Bu esa tarbirkorlarning kelgusi 3 oy ichida oʻz biznes istiqbollari haqidagi qarashlarini optimistik (2020-yil dekabr – 73 punkt) aks ettiradi.

Yuqorida aytilganlarning barchasi tiklanish surʼatlarining tezlashishiga olib keladi. Shuningdek, koʻrishimiz mumkinki 82% kompaniyalar 2022-yil boshida oʻz bizneslarining yaxshilanishini (noyabr – 74%, 2020y. dekabr – 73%) kutmoqda.

Tovar va xizmatlarga boʻlgan talab korxonalarning 67%da (noyabr – 65%, 2020y. dekabr – 60%) yaxshilanishi, ishchilar soni 68%dan (noyabr – 61%, 2020y. dekabr – 59%) oshishi kutilmoqda.

Feruzbek Davletov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan ishlash boʻlimi mutaxassisi