O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF–60-son Farmoni bilan reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, perinatal markazlarni zarur tibbiy texnika va buyumlar bilan jihozlash, ularni malakali kadrlar bilan ta’minlash vazifasi belgilandi.
So‘nggi besh yil davomida amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosat onalik va bolalikni tizimli ravishda muhofaza qilish imkonini yaratdi, natijada onalar va go‘daklar o‘limining kamayishiga erishildi.
Shu bilan birga, olis hududlarda tibbiy yordamni maqsadli yo‘naltirish tizimini yuqori darajada tashkil etish, onalar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning samaradorligini oshirish, ambulator yordamni yanada yaxshilash, shoshilinch va ixtisoslashgan tibbiy yordamni rivojlantirish, tibbiy genetika hamda zamonaviy skrining dasturlarini joriy etish talab etilmoqda.
Onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash, shuningdek, 2022 yil 18 mart kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. Quyidagilar 2022-2026 yillarda onalar va bolalar salomatligini mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
a) sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida onalar va bolalar o‘rtasida kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va sog‘lomlashtirish dasturlarini amaliyotga joriy etish, shu jumladan:
sog‘lom farzand tug‘ilishi, rivojlanishi va tarbiyasi masalalari bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish, to‘g‘ri ovqatlanish hamda jismoniy faollikni oshirishni targ‘ib etish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish;
bolalar, homilador hamda emizikli ayollarni vitamin va minerallar bilan bepul ta’minlash hamda maqsadli skrining tadbirlari orqali kasalliklarning samarali profilaktikasini olib borish;
b) 2022-2026 yillarda onalar va bolalar uchun tibbiy xizmat ko‘rsatiladigan ob’ektlarni rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
v) diagnostika va davolashning yuqori texnologiyali hamda innovatsion usullarini amaliyotga joriy etish hamda soha xodimlarining ilmiy salohiyatini muntazam oshirib borish.
2. 2022-2026 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:
quyidagilarni:
Nukus shahrida “Bolalar tibbiyot klasteri”;
yangidan tashkil etilayotgan 46 ta tumanlararo perinatal markazlarda chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limi;
2022 yil 1 maydan boshlab tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari, shuningdek, Toshkent shahri oilaviy poliklinikalarida bolalar bo‘limi;
tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida amaldagi shtat birliklari doirasida bolalar anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlari hamda kechayu kunduz shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatuvchi pediatriya postlari;
Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bolalarda irsiy-genetik, shu jumladan, orfan kasalliklarga barvaqt tashxis qo‘yish bo‘yicha Referens laboratoriya va hududlarda uning 17 ta mintaqaviy laboratoriyalarini tashkil etish;
Respublika perinatal markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar perinatal markazlari va bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida 2022-2023 yillarda jami 29 ta shoshilinch perinatal hamda shoshilinch pediatrik mobil navbatchi reanimatsion brigadalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda eshitish nuqsonlarini erta aniqlashga qaratilgan audioskrining tadbirlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari va hududlardagi barcha tug‘uruq komplekslarida tatbiq etish;
audioskrining tadbirlari natijalarini tahlil qilish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etiladigan elektron kuzatuv (treking) markazlarini jihozlash.
Belgilansinki:
a) Nukus shahridagi “Bolalar tibbiyot klasteri” Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi binosini yangidan qurish orqali tashkil etiladi.
Bunda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasi va Bolalar stomatologiya poliklinikasi “Bolalar tibbiyot klasteri” tarkibiga kiritilib, yagona boshqaruv yo‘lga qo‘yiladi;
“Bolalar tibbiyot klasteri” binosi 2023 yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi;
b) 46 ta tumanlararo perinatal markazlarda 6 o‘rindan kam bo‘lmagan chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limi qo‘shimcha shtat birliklari ajratish hisobidan tashkil etiladi;
v) tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari, shuningdek, Toshkent shahar oilaviy poliklinikalarida tashkil etiladigan bolalar bo‘limi mavjud shtat birliklari doirasida shakllantiriladi va unda pediatriya yo‘nalishi bo‘yicha barcha tor soha mutaxassislari, maktab o‘quvchilariga xizmat ko‘rsatish uchun shifokor-pediatrlar, bolalar shifokor-ginekologi, tegishli o‘rta tibbiyot xodimlari, vaksinatsiya xonasi xodimlari, “tibbiyot brigadalari”dagi pediatriya hamshiralari faoliyat yuritadi;
g) shoshilinch perinatal hamda shoshilinch pediatrik mobil navbatchi reanimatsion brigadalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun kechayu kunduz faoliyat yuritadigan qo‘shimcha navbatchilik postlari tashkil etiladi.
4. Oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar hamda tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari tomonidan bolalar hamda homilador va tug‘ish yoshidagi ayollarni yanada sifatli tibbiy xizmat bilan to‘liq qamrab olish uchun 2022 yil 1 iyuldan boshlab “tibbiyot brigadalari” tarkibiga qo‘shimcha 3 600 ta, 2023 yil 1 yanvardan boshlab yana qo‘shimcha 4 900 ta o‘rta tibbiyot xodimlari (pediatriya hamshirasi va doya) shtatlari ajratilsin.
5. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) bilan birgalikda ikki oy muddatda oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tizimiga qo‘shilishi ko‘zda tutilgan yangi shtatlardan kelib chiqib, shtat me’yorlarini qayta ko‘rib chiqsin va tasdiqlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 noyabrdagi “Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va ko‘lamini yanada kengaytirish to‘g‘risida”gi PQ–4513-son qarori bilan tashkil etilgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish kengashi (A.N. Aripov):
onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha qabul qilingan dasturlar hamda chora-tadbirlarning bajarilishini doimiy nazorat qilsin;
har chorakda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har bir viloyat, tuman (shahar) kesimida ma’lumot taqdim etib borsin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda "Reproduktiv salomatlik, onalik va bolalik masalalari bo‘yicha" respublika shtabi, 14 ta hududiy shtatlar faoliyatini yo‘lga qo‘ysin.
Hududlarda aholi reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, onalar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat faoliyatini tizimli o‘rganish, tahlil qilish, kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash hamda ijrosini nazorat qilish shtabning asosiy vazifalari hisoblansin.
7. Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi hududida ilik ko‘chirish amaliyotini yo‘lga qo‘yish maqsadida 2022 yilda yangi maxsus amaliyot kompleksining binosini qurish va jihozlash uchun Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasidan zarur mablag‘ ajratilsin.
2022 yil 1 maydan boshlab Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bemor bolalarga qarovchi shaxslar (ota-ona va boshqalar) uchun bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yilsin.
8. Moliya vazirligi ushbu qarorda ko‘zda tutilgan tadbirlarni bajarish uchun har yili Davlat byudjetidan zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.
9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.Vafayev) Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) bilan birgalikda 2022-2025 yillar davomida 227 ta tug‘uruq kompleksi va 46 ta tumanlararo perinatal markazlarni to‘liq ta’mirlash va jihozlash uchun xalqaro moliya institutlarining grant va kredit mablag‘larini jalb qilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
11. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Ushbu qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri B.A. Musayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
13. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N. To‘ychiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2022 yil 25 aprel