Maktab o‘quvchilarining bilimi va ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, o‘qituvchi kasbi nufuzini va pedagoglarning sifat tarkibini oshirish, darsliklar va o‘quv metodik majmualarni zamon talablari asosida takomillashtirish, xalq ta’limi muassasalarining xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy modellarini barpo etish maqsadida, shuningdek, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq:
1. 2022-2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dastur (keyingi o‘rinlarda – Rivojlantirish dasturi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Rivojlantirish dasturining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
maktab ta’limiga ilg‘or xalqaro tajribalar asosida ishlab chiqilgan Milliy o‘quv dasturini to‘laqonli joriy etish hamda mahalliy va xorijiy mualliflar tomonidan yaratilgan zamonaviy darsliklarni amaliyotga kiritish;
jamiyatda o‘qituvchi kasbi nufuzini oshirish, pedagoglar uchun qulay ijtimoiy sharoitlar yaratish va mehnatini munosib rag‘batlantirish;
o‘qituvchilarning yoshlarga ta’lim va tarbiya berishdagi mas’uliyatini, doimiy kasbiy rivojlanishdagi talabchanligini oshirish;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish, ilg‘or maktab direktori va namunali o‘qituvchi mezonlarini ishlab chiqish hamda ular asosida rahbar va pedagog kadrlar faoliyatini baholab borish;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish, mazkur yo‘nalishda uzluksiz monitoring, baholash va prognozlash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, bola ta’lim-tarbiyasida oila, ayniqsa, ota-onaning o‘rnini oshirish;
o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni kasblarga yo‘naltirish tizimini takomillashtirish;
alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning xalq ta’limi tizimiga integratsiyasini kuchaytirish hamda inklyuziv ta’lim jarayonlarini jadallashtirish;
umumiy o‘rta ta’limda barcha ma’lumot almashinuvi jarayonlarini Xalq ta’limi tizimini boshqarishning yagona dasturiy majmuasi orqali amalga oshirilishini hamda ushbu sohada elektron davlat xizmatlari ko‘lamini kengaytirish;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining navbatlilik koeffitsiyentini optimal darajaga yetkazish, zamonaviy modellar bo‘yicha maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash hamda zarur jihozlar bilan ta’minlash.
3. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida Milliy o‘quv dasturi yaratilganligi va 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab 1- va 2-sinflarda 252 nomdagi yangi zamonaviy darsliklar, o‘quvchi mashq daftarlari hamda pedagoglar uchun o‘quv qo‘llanmalar joriy qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov):
a) 2024 yil 1 sentyabrga qadar Milliy o‘quv dasturining ta’lim jarayoniga to‘liq joriy etilishini, shu jumladan, 2022 yil yakuniga qadar 3-, 6-, 7- va 10-sinflar uchun, 2023-2024 yillarda 4-, 5-, 8-, 9- va 11-sinflar uchun darsliklar, mashq daftarlari hamda o‘quv qo‘llanmalar yaratilishini ta’minlasin;
b) maxsus elektron tizimlar (S-testing, Onlineedu, Raqamli darsliklar va boshqalar) orqali:
2022 yil yakuniga qadar yangi avlod darsliklari uchun 10 ta mobil elektron resurs va 100 ta multimedia mahsulotlarini yaratsin;
2022 yil 1 sentyabrga qadar 3-, 6-, 7- va 10-sinf o‘qituvchilarini Milliy o‘quv dasturi asosida ishlab chiqilgan qisqa muddatli malaka oshirish kurslarida o‘qitsin;
v) pedagog kadrlar hamda o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini baholash natijalari bo‘yicha aniqlangan bo‘shliqlardan, shuningdek, ota-onalar, ekspertlar va boshqa shaxslarning takliflaridan kelib chiqib, Milliy o‘quv dasturini doimiy ravishda takomillashtirib borsin.
4. Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishgan holda o‘quv jarayoniga xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarini joriy qilish, shu jumladan, davlat ta’lim standartlari doirasida o‘quv dasturlariga o‘zgartirish kiritish hamda darsliklarni tanlashga (ona tili, adabiyot, tarix, tarbiya va huquq fanlaridan tashqari) ruxsat etilsin.
Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov):
bir oy muddatda davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quv jarayoniga xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarini joriy qilish tartibini tasdiqlasin;
ikki oy muddatda xalqaro tan olingan ta’lim dasturlari ro‘yxatini shakllantirsin hamda o‘zining rasmiy veb-saytiga joylashtirsin;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga ularning o‘quv jarayoniga xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarini joriy qilishga ko‘maklashsin, shu jumladan, ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy tashkilotlar bilan muzokaralar olib borsin hamda dasturlarni sotib olish va amaliyotga tatbiq etish uchun zarur mablag‘larni ajratsin.
5. Xalq ta’limi vazirligidan tashqari boshqa vazirlik va idoralarga umumiy o‘rta ta’limning o‘quv-rejalari va dasturlariga o‘zgartirish kiritish va maktablarda yangi fan joriy qilishni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha tashabbus bilan chiqish taqiqlansin.
Vazirlar Mahkamasi vazirlik va idoralar tomonidan mazkur bandda nazarda tutilgan taqiqqa amal qilinishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.
6. Quyidagilar tashkil etilsin:
Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari negizida Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazlari (keyingi o‘rinlarda – Pedagogika markazlari);
A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti negizida A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti (keyingi o‘rinlarda – Milliy-tadqiqot instituti).
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti (keyingi o‘rinlarda – Toshkent davlat pedagogika universiteti) hamda uning huzuridagi ta’lim va ilmiy tashkilotlar Xalq ta’limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazilsin.
Toshkent davlat pedagogika universiteti pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv dasturlarni ishlab chiqishda yetakchi oliy ta’lim muassasasi etib belgilansin.
7. Xalq ta’limi vazirligining pedagog kadrlarni kompetensiyalarga asoslangan va kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan metodikalar (keyingi o‘rinlarda – zamonaviy metodikalar) bo‘yicha o‘qitish amaliyotini joriy qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov), Maktabgacha ta’lim vazirligi (A.Shin) hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (U.Tashkenbayev) bilan birgalikda pedagog kadrlarni zamonaviy metodikalar asosida o‘qitish amaliyotini joriy qilish uchun:
a) pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish yo‘nalishida:
2022 yil 1 sentyabrga qadar Pedagogika markazlariga aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilsin;
2022 yil 1 iyulga qadar Pedagogika markazlari huzurida xorijiy mutaxassislar, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlari hamda Pedagogika markazlarining malakali xodimlaridan iborat bo‘lgan trenerlar guruhlarini shakllantirsin;
2022 yil yakuniga qadar trenerlar guruhlari bilan birgalikda joylarga chiqqan holda kamida 20 foiz umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida pedagoglar uchun zamonaviy metodikalarga asoslangan sayyor o‘quv mashg‘ulot va seminar-treninglar o‘tkazilishini ta’minlasin;
pedagog kadrlarning malakasini oshirishga bevosita jalb qilingan trenerlarga ularning ish faoliyati natijasiga qarab, oylik ish haqiga 100 foizgacha miqdorda qo‘shimcha ustama haq to‘lab borsin;
2022 yil yakuniga qadar maktab o‘qituvchilari uchun “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasida pedagogik faoliyatdan ajralmagan holda amalga oshiriladigan qo‘shimcha individual malaka oshirish kurslarini joriy etsin;
b) ta’lim dasturlarini takomillashtirish yo‘nalishida:
zamonaviy metodikalarga asoslangan ta’lim dasturlari va darsliklarni xarid qilish hamda umumiy o‘rta ta’lim tizimiga joriy qilish choralarini ko‘rsin;
2022 yil 1 avgustga qadar malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda Pedagogika markazlarining o‘quv-rejalari va dasturlarini to‘liq qayta ko‘rib chiqsin hamda xalqaro talablar asosida takomillashtirsin;
2023 yil 1 sentyabrga qadar Respublika ta’lim markazi hamda Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan birgalikda ta’lim jarayonini Milliy o‘quv dasturi asosida tashkil etishga qaratilgan metodikalarni ishlab chiqsin va ushbu metodikalarning umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari, pedagogika yo‘nalishidagi professional va oliy ta’lim muassasalari hamda Pedagogika markazlarida joriy qilinishini ta’minlasin;
v) pedagog kadrlarni tayyorlash yo‘nalishida:
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat pedagogika universitetining kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan 2-4-bosqich talabalari uchun haftalik o‘quv mashg‘ulotlari “4+2” tartibida, shu jumladan, darslarning 4 kuni oliy ta’lim muassasasida, 2 kuni umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida amaliyot o‘tash tartibida olib borilishini ta’minlasin;
Prezident ta’lim muassasalari agentligi bilan hamkorlikda Toshkent davlat pedagogika universiteti talabalarining tanishuv va malakaviy amaliyotlarini, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bilan birga Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda ham tashkil etish choralarini ko‘rsin;
Toshkent davlat pedagogika universitetida o‘quv dasturlari o‘zaro yaqin bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy va qo‘shimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tartibini yo‘lga qo‘ysin;
Toshkent davlat pedagogika universiteti talabalarining ilmiy-tadqiqot va kasbiy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida dars jarayonlariga soha mutaxassislari va olimlarni jalb etsin.
Moliya vazirligi (T.Ishmetov) 2022 yil yakuniga qadar maktablarda zamonaviy metodikalar asosida o‘qitish amaliyotini joriy qilish uchun Xalq ta’limi vazirligiga zarur mablag‘larni ajratsin.
8. Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov):
2023 yil 1 avgustga qadar ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi vakolatli xalqaro tashkilotlarni (keyingi o‘rinlarda – vakolatli xalqaro tashkilotlar) jalb qilgan holda pedagog kadrlarning umumta’lim fanlari bo‘yicha bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash tizimini ishlab chiqsin va amaliyotga joriy qilsin;
2024 yil 1 yanvarga qadar pedagog kadrlarning umumta’lim fanlari bo‘yicha bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash tizimining xalqaro standartlar talablariga javob berishini sertifikatsiyadan o‘tkazsin.
9. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida:
a) umumta’lim fanlari bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama quyidagi tartibda to‘lanadi:
xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida. Bunda, milliy baholash tizimining xalqaro standartlar talablariga javob berishi vakolatli xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi lozim;
mazkur bandning to‘rtinchi xatboshisida ko‘rsatilgan talablarga muvofiq bo‘lmagan Davlat test markazining milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida (chet tili bo‘yicha sertifikatlar bundan mustasno);
b) mazkur bandning to‘rtinchi xatboshisida ko‘rsatilgan talablarga muvofiq bo‘lmagan Davlat test markazining milliy baholash tizimida chet tili bo‘yicha olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama:
2025 yil 1 yanvarga qadar – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
2025 yil 1 yanvardan boshlab – ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida to‘lanadi;
v) har oylik qo‘shimcha ustama sertifikat amal qilish muddati davomida, lekin uch yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt mobaynida to‘lanadi;
g) umumta’lim fanlari bo‘yicha bir nechta sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama yuqoriroq ustama olish huquqini beruvchi sertifikat bo‘yicha to‘lanadi.
Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan kelishgan holda har yili 1 avgustga qadar quyidagilarni tasdiqlasin va o‘zining rasmiy veb-saytiga joylashtirilishini ta’minlasin:
milliy baholash tizimi muvofiq bo‘lishi lozim bo‘lgan xalqaro standartlar ro‘yxatini;
ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi vakolatli xalqaro tashkilotlar ro‘yxatini;
xalqaro tan olingan va milliy baholash tizimida berilgan sertifikatlar (ularning kombinatsiyasi) ro‘yxatini hamda har oylik ustama olish uchun ularning eng kam darajasini.
10. Davlat test markazi (M.Karimov) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1875-son qaroriga muvofiq chet tili fani o‘qituvchilariga 30 va 15 foiz miqdorida ustama olish huquqini beradigan ma’lumotnomalar berish amaliyotini tugatsin.
Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1875-son qaroriga muvofiq chet tili fani bo‘yicha ma’lumotnoma olgan o‘qituvchilarning ustamalari, ushbu ma’lumotnomalar amal qilish muddati davomida saqlab qolinadi.
11. Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) bilan birgalikda 2022 yil 1 dekabrga qadar maktab direktori lavozimiga nomzodlarning bilim va ko‘nikmalarini baholash hamda baholash natijasi bo‘yicha ularga menejerlik sertifikatini berish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.
Belgilab qo‘yilsinki, 2023 yil 1 yanvardan boshlab:
maktab direktori lavozimiga nomzodlar menejerlik sertifikatini olish uchun Milliy-tadqiqot institutida maxsus pullik dasturlar asosida jamoada ishlash va ota-onalar bilan muloqot qilish, boshqaruv, moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ko‘nikmalariga o‘qitiladi;
o‘qitish yakuni bo‘yicha Milliy-tadqiqot instituti tomonidan maktab direktori lavozimiga nomzodlarning boshqaruv sohasiga oid bilim va ko‘nikmalari baholanadi hamda natijasi bo‘yicha menejerlik sertifikati beriladi;
maktab direktori lavozimiga nomzodlar faqat menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan shaxslar orasidan tanlab olinadi va kelishish uchun xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga taqdim etiladi;
maktab direktorini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra lavozimdan ozod etish uchun xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari bilan kelishish talab etilmaydi.
12. Yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan pedagoglarni qo‘shimcha rag‘batlantirish va malakali xodimlar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi tashkil etilsin.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilsin.
Moliya vazirligi (T.Ishmetov) 2022 yilda Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasiga Davlat byudjetidan 300 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini ta’minlasin.
13. 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari kutubxonalari va “Bolalar kutubxonalari” xodimlarining lavozim maoshi miqdori 1,2 baravarga oshirilsin.
14. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) mazkur farmonda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun tegishli mablag‘larni 2023 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutib borsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
16. Xalq ta’limi vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib xalq ta’limi vaziri B.O.Saidov hamda moliya vaziri T.A.Ishmetov belgilansin.
Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2022 yil 11 may