1. Jismoniy shaxslarga oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida oʻz xonadonida baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻyishga ruxsat beriladi.
2022-yil 1-fevraldan 2025-yil 1-yanvarga qadar baliqchilikni intensivlashtirish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar va texnologiyalar (aerator, basseyn, avtokormushka, UZV) hamda qayta ishlash uskunalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan, biroq daromadining 80 foizidan ortigʻini ushbu uskunalarni ishlab chiqarishdan oladigan subyektlar uchun:
- foyda soligʻi (tijorat banklarida joylashtirilgan mablagʻlardan olingan foizlardan tashqari);
- yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
- yuridik shaxslarning mol-mulk soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.
2. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar elektron tizim orqali aniqlanadi.
Hukumatnig 26-son qaroriga asosan “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga oid maʼlumotlarni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali aniqlanadi.
3. Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-81-son qaroriga koʻra, 2022-yil 1-fevraldan boshlab korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi, eksperiment tariqasida, tegishli roʻyxatda keltirilgan va oʻz faoliyatida korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etayotgan davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etiladi.
4. Yangi hokim oʻrinbosari lavozimi joriy etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-76-son qaroriga koʻra, 2022-yil 1-fevraldan boshlab:
viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimlarining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi tugatilib, qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy qilinadi.
Shuningdek, Prezident qarorida Toshkent shahri va uning tumanlari hokimlarining arxitektura, kapital qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimi tugatilib, qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimi kiritilishi belgilangan.