Mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish maqsadida xorijning vakolatli tashkilotlari va salohiyatli ish beruvchilari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Buyuk Britaniya, Bolgariya, Latviya, Polsha, Germaniya, Serbiya, Finlyandiya, Rossiya, Qozogʻiston kabi davlatlardan 474 ta tashkilot bilan hamkorlik kelishuvlari imzolanib, ularda 13 mingga yaqin boʻsh ish oʻrinlari aniqlangan. 2022-yilning oʻtgan 9 oyi davomida Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Qozogʻiston, Serbiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Germaniya, Yaponiya va boshqa davlatlarga jami 27 mingdan ortiq fuqaro manzilli ishlarga joʻnatilgan. Alohida taʼkidlash joiz, xorijiy tashkilotlar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida, Koreya Respublikasiga 3825 nafar, Angliyaga esa 77 nafar yurtdoshimizni ishga joʻnatishga erishildi.
Agentlik faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan yana biri oʻzbekistonlik mehnat migrantlari huquq va manfaatlarini himoya qilish, moddiy yordam koʻrsatish hisoblanadi. Ushbu yoʻnalishdagi raqamlarga toʻxtaladigan boʻlsak, jami 206 mingdan ortiq fuqaroga xizmatlar koʻrsatilgan. Shundan, 183 mingdan ortigʻiga maslahat xizmati, 6 063 nafariga huquqiy, 15 mingdan ortigʻia ijtimoiy, 2 595 nafariga moddiy yordam, shundan, 1009 nafariga BHMning ikki baravaridan, jami 50 255 AQSH dollari miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatilgan. Shuningdek, 198 nafar fuqaro vaqtinchalik xostellarga joylashtirilgan, ogʻir vaziyatlarga tushib qolgan 844 nafar fuqaro esa Oʻzbekistonga olib kelingan.
Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari aralashuvi bilan yurtdoshlarimizning ish beruvchilaridan 834 ming AQSH dollari miqdoridagi ish haqi undirib berilgan.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda ishga jalb qilish boʻyicha Angliya, Yaponiya, Germaniya, Serbiya, Isroil va Janubiy Koreya ish beruvchilari bilan erishilgan kelishuvlar kelgusida koʻplab fuqarolarimizni ushbu davlatlarga yuqori maoshli ishlarga jalb qilish imkonini beradi.
Bugungi kunda chet elda ishlash istagida boʻlgan yurtdoshlarimiz uchun Germaniya, Litva, Bolgariya, Polsha kabi davlatlarda tibbiyot, haydovchilik, qurilish hamda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishning turli sohalarida boʻsh ish oʻrinlari taklif etilmoqda.