Prognozlar yalpi ichki mahsulotning chorak yakunlari ko'rsatkichlarida aniqlanmagan o'ziga xos jihatlarini ochib berdi. Xususan, joriy yilning fevral-mart oylarida sezilarli pasayish kuzatildi. Ammo O'zbekiston iqtisodiyoti ikkinchi chorak davomida sezilarli darajada tiklanib, yuqori sur'atlarda o'sdi.
O'zbekistonning birinchi chorakdagi iqtisodiy o'sishi odatda mavsumiy omillar hisobiga past bo'ladi. 2018-2021-yillar davomida O'zbekiston YAIMning o'sishi birinchi chorakda yalpi ichki mahsulotning yillik o'sishidan o'rtacha 0,43 foizga kam bo'ldi. Shu sababli, salbiy omillarning iqtisodiyotga ta'siri kuchli bo'ldi va 2022-yilning birinchi choragida YAIM o'sishini sekinlashtirdi.
Yuqorida aytib o'tilgan omillarni hisobga olgan, shuningdek, YAIM dinamikasining haftalik prognoz ko'rsatkichlarini jamlagan holda, 2022-yil birinchi yarmida 2021-yil birinchi yarmiga nisbatan iqtisodiy o'sishning taxminiy ko'rsatkichlari 4,99 foizni tashkil qildi.
2022-yilning uchinchi choragida YAIMning taxminiy haftalik dinamikasida o'sib borayotgan tendentsiya kuzatilmoqda, bu esa YAIM o'sish sur'atini yiliga kamida 0,68 foizga oshiradi. Bunga ko'ra, 2022-yil uchun YAIMning real o'sish sur'ati 5,77 foiz darajasida prognoz qilinmoqda.
Shundan kelib chiqib, 2022-yil uchun O'zbekistonning iqtisodiy o'sishi prognoz qilinayotgan diapazoni 5,67-5,87 foiz darajasida belgilandi.
Ma'lumot uchun: Noukasting usuli – bir qator rivojlangan mamlakatlar, Angliya banki, Evropa Markaziy banki va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan milliy iqtisodiy siyosatni ishlab chiqishda keng qo'llaniladi. Ushbu toifadagi modellar an'anaviy modellarga o'xshash xususiyatlarga ega, ammo "inqiroz" holatlarida ulardan sezilarli darajada ustundir. Joriy usul muhim statistik ma'lumotlar, ayniqsa, YAIM ko'rsatkichlarining sezilarli darajada kechikishlar bilan chop etilishi sababli dolzarb hisoblanadi. Ushbu prognoz iqtisodiyotning mehnat bozori va aholi farovonligi kabi o'ziga xos jihatlarini baholash uchun ham qo'llaniladi.
Asror Nigmonov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sektor mudiri









