2022-yilda yetakchi ayollar Muloqotiga Turkmaniston raislik qiladi

    Mamlakatimizda 22 Dekabr 2021 1315

    Shu kunlarda poytaxtimizda boʻlib oʻtayotgan mintaqaviy forumda Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotiga raisligi yakunlari sarhisob qilindi.

    Soʻzga chiqqanlar 2021-yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti mintaqa davlatlari ayollarining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va barqaror rivojlanishi, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash yoʻlidagi madaniy-gumanitar jarayonlarda yanada faolroq rol oʻynashga boʻlgan intilishlarini yuqori darajada eʼtirof etish va qoʻllab-quvvatlashga muvaffaq boʻlganini taʼkidladilar.

    Natalya German, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari:

    – Muloqot mintaqadagi ayollar oʻrtasida barcha darajadagi salohiyatni oshirish va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishida muhimligini taʼkidlayman.

    Muloqot iqlim oʻzgarishi va atrof-muhitning degradatsiyasi kabi ekzistensial tahdidlarga javob choralarini ishlab chiqishga hissa qoʻshish imkoniyatiga ega. Bu eng jiddiy mintaqaviy tahdidlardan biri – xususan, mintaqada tinchlik va xavfsizlikka tahdiddir. Ayollar va qizlar uchun ushbu jarayonlarning xavf-xatarlarini koʻproq tahlil qilish va atrof-muhit degradatsiyasi oqibatlarining oldini olish va bartaraf etish uchun inklyuziv va gender siyosatni amalga oshirish uchun koʻproq harakat qilish zarur.

    Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti Oʻzbekiston raisligida sermahsul va samarali boʻlganini qayd etmoqchiman. Mintaqaviy platforma faoliyatining birinchi yilida belgilangan surʼat Muloqotni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.

    A. El-Yasir, “BMT-Ayollar” tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori:

    – Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti tashkil etilganining birinchi yilida eng muhim siyosiy platformaga aylandi. Muloqot odamlarni dunyodagi eng muhim masalalar: barqaror rivojlanish, ayollarning siyosiy yetakchiligi, “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibi, iqtisodiy imkoniyatlar masalalarini hal qilish uchun birlashtirdi.

    Biz uning taʼsirini, jumladan, yaqinda boʻlib oʻtgan Yevroosiyo ayollar forumida ham, Muloqot ayollarning siyosiy va ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga alohida eʼtibor qaratganini, Ayollar maqomi boʻyicha soʻnggi komissiya boʻyicha maslahatlashuvlarda koʻrdik.

    BMT-Ayollar Muloqot ishini faxr bilan qoʻllab-quvvatlaydi. Bugun “Muloqot” oʻz faoliyatining birinchi yili yakunlarini sarhisob qilib, kelajakka nazar tashlar ekan, u bilan faxrlanadigan jihat bor. Muloqot 2022 va undan keyingi yillarda ijobiy oʻzgarishlar yetakchi kuchiga aylanishi mumkin.

    Muloqotda raislik muddati bir yil boʻlgani sababli forumda 2022-yilda raislikni boshqa davlatga oʻtkazish masalasi ham koʻrib chiqildi.

    Shu tariqa konsensus asosida kelasi yil Muloqotga raislikni Turkmanistonga topshirishga qaror qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    T.Narbayeva, Oliy Majlis Senati Raisi, Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari muloqoti raisi:

    – Muloqotimiz oʻzining qisqa davri mobaynida mamlakatlarimiz va xalqlarimizni bir-biriga yaqinlashtirishda muhim omil boʻlib xizmat qilishini, gender tenglik va dunyoda barqaror rivojlanishni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy yondashuvlarni rivojlantirishning oʻziga xos katalizatori boʻlib xizmat qilishi, shuningdek, Markaziy Osiyo, hayotning barcha jabhalarida mintaqa ayollarining salohiyatini roʻyobga chiqarishda muhim rol oʻynashi mumkinligini koʻrsatdi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining gʻamxoʻrligi va koʻmagisiz xotin-qizlar harakatini bunday faol rivojlantirishning imkoni boʻlmas edi.

    Men amaldagi rais sifatida turkmanistonlik hamkasbimning kelgusi yil Muloqotimizga raislik qilish haqidagi arizasini qoʻllab-quvvatlayman.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda gender tenglik va barqaror rivojlanish sohasida mintaqaviy hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha saʼy-harakatlarini bundan buyon ham davom ettirishini qayd etmoqchiman.

    Biz Oʻzbekiston tomonining Muloqotdagi raisligi tajribasini uning barqarorligi va izchilligini saqlab qolish uchun sheriklarimiz, avvalambor, mintaqaviy platformaning navbatdagi raisi bilan oʻrtoqlashishga tayyormiz.