2022-yilda Jahon banki tomonidan Sirdaryo viloyatiga 10 mln. AQSH dollari miqdorida pul ajratiladi

    Mamlakatimizda 20 Dekabr 2021 1173

    Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 2021-yil yakunlari hamda 2022-yildagi dolzarb vazifalar toʻgʻrisida xalqqa qilgan murojaatida aytib oʻtdi.

    Viloyatda jami 827 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyat koʻrsatadi. Viloyat hududidagi 68 mingdan ortiq 3-7 yoshdagi bolalardan qariyb 54 ming nafari maktabgacha taʼlimga qamrab olingan.
    Shuningdek, 155 mingdan ortiq oʻquvchilar taʼlim-tarbiya olayotgan umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 31 tasi taʼmirdan chiqarilgan.

    Taʼkidlanishicha, viloyatdagi barcha ijtimoiy soha obyektlari respublikada birinchilardan boʻlib 100 foiz optik tolali yuqori tezlikdagi internet tarmogʻiga ulangan.

    Guliston shahridagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki IT-Parkning Sirdaryo viloyati filiali bir yillik faoliyati davomida Sirdaryolik iqtidorli dasturchi yoshlar tomonidan qiymati jami 500 mln. soʻmlik 10 dan oshiq loyihalar amalga oshirilgan.

    Maʼlum qilinishicha, Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki tomonidan kelgusi yilda Sirdaryo viloyati uchun 10 mln. AQSH dollari miqdorida mablagʻlar ajratiladi.

    Buning natijasida, viloyatda 8 ta umumtaʼlim maktabi, 10 ta taʼlim, 1 ta tibbiy muassasa, 16 km. toza ichimlik suvi tarmogʻi hamda 9 km. ga yaqin ichki yoʻllarni taʼmirlash va qurish, 1 ta drenaj tizimini rekonstruksiya qilish koʻzda tutilgan.