2022-yilda Oʻzbekistonda MDH PA majlisini oʻtkazish rejalashtirilmoqda

    Xalqaro hamkorlik 16 Aprel 2021 732

    Tashrif doirasida Oʻzbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari T.Narbayeva MDHga aʼzo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi Kengashining majlisida ishtirok etdi. Unda Assambleya faoliyatiga oid bir qator masalalar, shu jumladan tashkilotning 2020-yildagi faoliyati natijalari koʻrib chiqildi.

    Ishtirokchilar MDH Hukumat rahbarlari Kengashining 2020-yil 6-noyabrdagi va MDH davlat rahbarlari Kengashining 2020-yil 18-dekabrdagi qarorlari toʻgʻrisidagi axborotni eshitdilar. Mazkur axborot MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi Sergey Lebedev tomonidan taqdim etildi.

    Shuningdek, Kengash aʼzolari 2021-yil 27-28-may kunlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan IX Neva xalqaro ekologik kongressi va 2021-yil 13-15-oktyabr kunlari boʻlib oʻtadigan uchinchi Yevroosiyo ayollar forumiga tayyorgarlik borishini muhokama qildilar. Parlament aʼzolari joriy yilning yanvar oyida boʻlib oʻtgan saylov kampaniyalarini kuzatish natijalarini va boshqa qator masalalarni ham koʻrib chiqdilar.

    Bundan tashqari, Assambleya huzuridagi Iqtisodiyot boʻyicha ekspert kengashining faoliyati, Hamdoʻstlikni 2030-yilgacha iqtisodiy rivojlantirish Strategiyasini amalga oshirish boʻyicha vazifalar koʻrib chiqildi.

    MDH davlat rahbarlari Kengashining navbatdagi majlisini, aniqrogʻi MDHning yubiley sammitini Minskda oʻtkazish rejalashtirilgani taʼkidlandi. 2022-yil noyabrda esa, MDH PA majlisini Oʻzbekistonda oʻtkazishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.