Bu borada joriy yilda aholini bugʻdoy va un mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash maqsadida respublikamizda 1 mln 27 ming gektar yer maydonida bugʻdoy ekildi, natijada joriy yilning iyun-iyul oylarida 7 mln 679 ming tonna hosil yetishtirish rejalashtirilgan. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 1 million tonnaga koʻp.

Shuningdek, 2021-yil bugʻdoy hosilida 6 mln 656 ming tonna bugʻdoy yetishtirilgan boʻlib, shundan 2 mln 533 ming tonnasi respublika don zahiralari uchun “Oʻzdonmaxsulot” AJ hududiy korxonalarida jamgʻarilgan, 4 mln 123 ming tonnasi fermer va aholi ixtiyorida qolgan.

Oʻtgan yil yakuniga qadar 2 mln 771 ming tonna bugʻdoy doni
va 357,7 ming tonna un xususiy sektor tomonidan asosan Qozogʻiston Respublikasidan import qilingan hamda 26,8 ming tonna bugʻdoy doni (Tojikiston Respublikasiga 94% va Qirgʻiziston Respublikasiga 6%) va 949,1 ming tonna un (1 mln 265 ming tonna bugʻdoy hisobida) Afgʻoniston Islom Respublikasiga eksport uchun yoʻnaltirilgan.

2022-yilda aholini shakar mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash maqsadida respublikamizda 600 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2021-yilda 595,5 ming tonna shakar (2020-yilga nisbatan 315,1%) “Angren shakar” MCHJ va “Xorazm shakar” MCHJ korxonalari tomonidan ishlab chiqarildi.

Mazkur korxonalar tomonidan 2021-yil va 2022-yil yanvar-fevral oylarida tovar xomashyo birjasiga aholi ehtiyojini qoplash maqsadida har oyda 30 ming tonnadan kam boʻlmagan miqdorda shakar savdoga qoʻyilgan.

Oʻtgan yil yakuniga qadar 23 ming tonna shakar (oʻtgan davrga nisbatan 344 ming tonnaga kamaygan) va 620 ming tonna shakar xomashyosi (oʻtgan davrga nisbatan 423 ming tonnaga oshgan) Braziliyadan import qilingan va 25 tonna shakar Afgʻoniston Islom Respublikasiga eksportga yoʻnaltirilgan. Rossiya Federatsiyasi tomonidan qoʻyilgan cheklovlar taʼsir qilmaydi.

Qayd etish kerakki, Prezidentning PQ–3818-son qaroriga koʻra oq shakar importiga bojxona qiymatining 20 foiz miqdorda bojxona boji stavkasi hamda Soliq kodeksining 289-moddasiga asosan 20 foiz miqdorda aksiz soligʻi undirilishi belgilangan.

2022-yil mart-may oylarida taʼminotchilardan yana qariyb 180 ming tonna xomashyo yetib keladi. Bundan tashqari joriy yil iyun-oktyabr oylarida 200 ming tonna shakar xomashyosi olib kelish rejalashtirilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, respublikada aholi va korxonalarning talabini uzluksiz, yetarli miqdorda va barqaror narxlarda bugʻdoy, un, shakar mahsulotlari bilan taʼminlash hamda ichki bozorlarda narxlarning keskin oʻzgarishining oldini olish toʻliq taʼminlangan.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi

Axborot xizmati