Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarga davlat pensiyasini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni fuqarolarga yetkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda pensiyalarni tayinlashda 30 turdagi hujjatlar talab etiladi hamda mazkur maʼlumotlarni taqdim etishga masʼul 14 dan ortiq vazirlik va tashkilotlarda idoraviy axborot tizimlari, elektron resurs va maʼlumotlar bazalari mavjud emasligi qogʻoz shaklida ish yuritishdan voz kechish va hujjatlarni yigʻish jarayonini elektron shaklga oʻtkazishga toʻsqinlik qilib kelmoqda.
Qarorga binoan:
2022-yil 1-apreldan boshlab pensiyalarni hisoblash fuqarolarning “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (keyingi oʻrinlarda – YAMMT IDAK)ga kiritilgan mehnat staji, oliy oʻquv yurtlaridagi kunduzgi taʼlim va harbiy xizmat davri toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlari asosida amalga oshiriladi.
Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlashning avtomatlashtirilgan tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, jumladan pensiyalarni tayinlash uchun faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi bilan murojaat qilish kifoya boʻladigan tizimni joriy etish boʻyicha Yoʻl xaritasi (keyingi oʻrinlarda – Yoʻl xaritasi) tasdiqlanadi.
2022-yil 1-yanvardan boshlab:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Pensiya jamgʻarmasi) tomonidan moliyalashtiriladigan pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa toʻlovlarni (keyingi oʻrinlarda pensiya va nafaqalar) toʻlash har uch yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha alohida oʻtkaziladigan tender asosida tanlangan tijorat banki tomonidan amalga oshiriladi;
pensiya va nafaqalar yetkazilganligi uchun xizmat haqini toʻlash uchun fuqarolarning har oylik pensiya va nafaqa miqdoriga qoʻshimcha 1 foiz ustama joriy qilinadi hamda toʻlovlarni naqd pulsiz shaklda olish yoki arzonroq xizmatdan foydalanish hisobiga iqtisod qilingan mablagʻ pensiya va nafaqa oluvchining ihtiyorida qoldiriladi;
pensiya va nafaqa oluvchilarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida shaxsini tasdiqlaydigan, egasining shaxsiy biografik maʼlumotlari qayd etilgan, elektron tashuvchi qurilmaga (chipga) ega boʻlgan bank kartasi sifatida foydalanish imkoniyati mavjud maxsus pensiya kartasi joriy etiladi.
Pensiya jamgʻarmasi Matbuot xizmati