Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi Davlat mehnat inspeksiya tomonidan mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish boʻyicha 2022-yilning 3 oyi davomida 5 972 ta korxonalarda nazorat tadbirlari oʻtkazilgan boʻlib, ushbu tadbirlar davomida 11 315 ta qonun buzilish holatlari aniqlangan. Ushbu qonun buzilishlarni bartaraf etish boʻyicha ish beruvchilarga 1 929 ta yozma koʻrsatmalar va 936 ta taqdimnomalar kiritildi. 2 483 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan 4864,6 mln. soʻm miqdorida maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi.

 Aniqlangan qonun buzilishlarning 3 626 tasi mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik bilan bogʻliq. Jumladan, 629 ta (17 foiz) holatda xodimlar mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi yoʻl yoʻriqlaridan oʻtkazilmasdan ishlashiga ruxsat berilgan, 580 ta (15 foiz) korxonada mehnatni muhofaza qilish boʻyicha xodimlarni oʻqitish va bilimlarini tekshirish tashkil etilmagan, 315 ta (8 foiz) holatda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha chora-tadbirlar va rejalar ishlab chiqilmagan, 200 ta (5,5 foiz) korxonalarda xodimlar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmagan, 184 ta (5 foiz) tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etilmagan, 173 ta (4,7 foiz) holatda xodimlar maxsus kiyimlar bilan taʼminlanmagan, mehnat sharoitlari attestatsiyadan oʻtkazilishi majburiy boʻlgan 144 ta (3,9 foiz) korxonalar ushbu attestatsiyani oʻtkazmagan.

 Mazkur mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmasligi natijasida baxtsiz hodisalar sodir etilishi va kasb kasalliklari koʻpayib bormoqda. Jumladan, Respublika boʻyicha joriy yilning 3 oyi davomida ishlab chiqarishda yuz bergan 132 ta baxtsiz hodisalar belgilangan tartibda maxsus tekshirildi, shulardan 26 tasi (19 foizi) oʻlim bilan tugagan, 97 tasi (73 foizi) oqibati ogʻir va 9 tasi (6,8 foizi) guruxiy baxtsiz hodisalarni tashkil etdi. Yuz bergan baxtsiz hodisalar natijasida 42 nafar xodim halok boʻlgan, 104 nafar xodim ogʻir tan jarohati va 4 nafari yengil tan jarohati olgan.

Ushbu baxtsiz hodisalarni maxsus tekshirish jarayonida 776 ta aniqlangan kamchiliklar yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan 115 ta yozma koʻrsatmalar berildi hamda qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻyganligi uchun 110 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan 223 mln. soʻmlik maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi.