U tailandlik 27 yoshli Jakravut Majungoyenni ochkolar (120-108, 120-108, 120-108) hisobiga koʻra magʻlubiyatga uchratdi. Xuddi shu kuni Odiljon Aslonov Yekaterinburg shahrida rossiyalik Maksim Smirnovdan ustun keldi.

29-yanvar tongida Bektemir Meliqoʻziyev Kaliforniyada amerikalik Ulises Syerrani uchinchi raundda nokautga uchratdi. Bu gʻalabasi evaziga u WBO Global kamarini qoʻlga kiritdi.

5-mart kuni yarimengil vazn toifasidagi charm qoʻlqop ustamiz Otabek Xolmatov (11-0) Angliyaning Nyukasl shahrida britaniyalik Tomas Patrik Uord (33-0-2)ni 5-raunddayoq nokautga uchratdi. Bu gʻalaba unga chempionlik jangida ishtirok etish huquqini taqdim etdi.

Shu kuni yarimogʻir vazndagi Dilshodbek Roʻzmetov Meksikada mezbon yurt vakili Xesus Palomares (7-2-1)ni ochkolar hisobiga koʻra yengdi.

11-mart kuni yengil vazn toifasida jang qilib kelayotgan Abdurasul Ismoilov Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida moʻgʻulistonlik Ochirsuren Amarsanani ikkinchi raunddayoq nokautga uchratdi.

9-aprel kuni AQSHning San-Antonio shahrida superyarimoʻrta vazn toifasidagi bokschimiz Isroil Madrimov (9-0-1) oʻzi uchun yangi — oʻrta vaznda ringga koʻtarildi. U amerikalik Rafael Igbokve (16-4)ni hakamlarning yakdil qarori bilan (100-90, 99-91, 99-91) yengdi.

Afsuski, aynan shu oqshomda ikkinchi yengil vaznda WBA va IBF chempionlik kamarlari sohibi Murodjon Ahmadaliyev filippinlik Marlon Tapalesga yutqazib qoʻydi. Hakamlarning ikki nafari 115:113 hisobi bilan Tapales foydasiga qaror chiqargan. Uchinchi hakam Murodjonning yirik 118:110 hisobidagi gʻalabasini taʼminlagandi.

16-aprel kuni Iqboljon Xoldarov Meksikada mezbon bokschi Eleazar Valensuelani birinchi raunddayoq magʻlub etdi.

23-aprel kuni AQSHning Nevada shtati Las-Vegas shahrida Bektemir Meliqoʻziyev meksikalik Gabriel Rosadoga qarshi revansh jangini oʻtkazdi. Oʻn raundga moʻljallangan jang toʻliq davom etdi va yakunda hakamlarning yakdil qarori bilan Meliqoʻziyev gʻalaba qozondi.

18-iyun kuni AQSHning Nyu-Orlean shahrida yarim oʻrta vazn toifasidagi Shahram Gʻiyosov (14-0) amerikalik tajribali Xarold Kalderon (27-1)ni 120-108, 118-110, 116-112 hisoblarida magʻlubiyatga uchratdi va WBA yoʻnalishida majburiy daʼvogarga aylandi.

27-avgust kuni Bahodir Jalolov prof boksdagi 13-jangini oʻtkazdi. AQSHning Oklaxoma shtati Talsa shahrida tashkil etilgan boks oqshomida hamyurtimizga nigeriyalik Onoriode “Godzilla” Yevariyeme raqiblik qildi. Jalolov 1-raunddayoq raqibini texnik nokautga uchratdi.

7-noyabr kuni Hasanboy Doʻsmatov (6-0-0) Sochi shahrida JAR bokschisi Sifamandla Baleni (JAR, 21-6-2)ni ochkolar hisobiga koʻra magʻlubiyatga uchratdi.

17-noyabr kuni Toshkentda katta professional boks oqshomi oʻtkazildi. Uning doirasida hamyurtlarimizdan Abdumalik Xalokov, Qudratillo Abduqahhorov, Miraziz Mirzaxalilov, Mujibillo Tursunov, Bahodir Jalolov ringga koʻtarildi va gʻalabaga erishdi. Jalolov JAR vakili Kris Tompsonni birinchi raundda nokautga uchratdi.