2023-yil yakunlari boʻyicha Ochiqlik indeksi natijalari eʼlon qilindi

    Baholash natijalariga koʻra, 31 ta davlat organi “yashil” (71-100 ball), 43 tasi “sariq” (55-71 ball) va 29 tasi “qizil” (55 balldan past) samaradorlik koʻrsatkichlarini qayd etgan.

    Joriy yilning 1-aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Ochiqlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-154-son Farmoniga muvofiq, 2023-yil yakunlariga koʻra, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik boʻyicha amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi asosida toʻplangan barcha koʻrsatkichlar atroflicha muhokama qilinib, yakuniy natijalar eʼlon qilindi.

    Ikkinchi bor eʼlon qilinayotgan Ochiqlik indeksi 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida shakllantirilib kelinmoqda. Indeksda samaradorlik koʻrsatkichlari 71 balldan 100 ballgacha toʻplaganlar - “yashil”, 55 balldan 71 ballgacha boʻlganlar - “sariq” va 55 balldan past koʻrsatkich qayd etganlar - “qizil” toifalarga kiritiladi.

    Bu yilgi baholashda jami 103 ta (2022-yilda – 86 ta) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirlik, qoʻmita, agentlik, inspeksiyalar va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati qamrab olindi. Yakuniy natijalar keng jamoatchilik uchun index.anticorruption.uz plaftformasiga ochiq joylashtirildi.

    Yigʻilishda dastlab Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov mamlakatimizda ochiqlikni taʼminlash borasida erishilayotgan yutuqlar, 2023-yilda Ochiqlik indeksini baholash boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar, baholash jarayonlarining raqamlashtirilishi xususida toʻxtalib oʻtdi.

    Taʼkidlangandek, soʻnggi yillarda ochiqlikni taʼminlash sohasidagi qonun hujjatlari ilgʻor xalqaro standartlar talablari asosida takomillashtirildi. Tahlillarga koʻra, 2017-2023-yillarda qabul qilingan 180 ta normativ-huquqiy hujjatda ochiqlik va shaffoflik mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan 328 ta vazifa va topshiriqlar belgilab berilgan. Jumladan, 2023-yil noyabr oyida qabul qiilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-200-son Farmoni bilan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxati kengaytirildi. Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning ochiq eʼlon qilinishi natijasida Agentlik tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida 138 ta holatda yoʻl qoʻyilgan qonunbuzilishlari bartaraf etilib, 110 mlrd soʻmlik davlat xaridlari bekor qilindi. Yoki, bugungi kunda 123 ta davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiya holatlari haqida xabar berish imkonini beruvchi 615 dan ortiq aloqa kanallari (qisqa raqamli “ishonch telefoni”, elektron pochta va boshqa elektron manzillar, telegram bot, platforma yoki boshqa maxsus dasturiy taʼminot) ochiq eʼlon qilindi. Faoliyati ochiqligi oʻrganilgan 103 ta davlat idorasining 75 foizi 2023-yilda oʻz faoliyatiga oid hisobotlarni ochiq eʼlon qilib, jamoatchilik ishtirokida muhokama qilgan.

    Komissiya majlisida ochiqlikni taʼminlash faoliyatini baholashda bevosita ishtirok etgan davlat organlarining har bir baholash indikatori boʻyicha hisoboti eshitilib, 2023-yil uchun Ochiqlik indeksi boʻyicha komissiyaning yakuniy qarori qabul qilindi.

    Baholash natijalariga koʻra, 31 ta davlat organi “yashil” (71-100 ball), 43 tasi “sariq” (55-71 ball) va 29 tasi “qizil” (55 balldan past) samaradorlik koʻrsatkichlarini qayd etgan.

    Tahlillar koʻrsatishicha, faoliyat samaradorligi “yashil” toifadagi davlat idoralari soni oʻtgan yilga nisbatan 16 taga (13 %ga) ortgan. Eʼtiborlisi, 2022-yil yakuni boʻyicha “qizil” toifaga kiritilgan qator davlat idoralarida keskin ijobiy oʻsish kuzatilgan. “Oʻzsuvtaʼminot” AJ - 81 ball (2022-yilda – 47 ball), “Turonbank” ATB78 ball (2022-yilda 53 ball), “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” AJ - 77 ball (2022-yilda 48 ball), “Hududgaztaʼminot” AJ75 ball (2022-yilda 52 ball) bilan bunga yaqqol misol boʻla oladi.

    Natijalar indikatorlar kesimida avvalgi yilga nisbatan solishtirilganda sezilarli ijobiy oʻzgarishlar Korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda ochiqlik tamoyillaridan foydalanish hamda Ochiq maʼlumotlar portalida maʼlumotlar joylashtirilishi kabi yoʻnalishlarda qayd etilgan. Jumladan, Ochiq maʼlumotlar portalida maʼlumotlar joylashtirilishini baholash mezoni talablari ijrosi 12 ta davlat idorasi tomonidan 100 foizli natija bilan bajarilgan. Yoki, Jamoatchilik kengashining faoliyati samaradorligini baholash mezoni talablari 6 ta davlat idorasi tomonidan toʻliq bajarilib, ushbu yoʻnalishdagi faoliyat ochiqligi taʼminlangan.

    Ochiqlik indeksida eng yuqori natija Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi (88 ball), “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ (86 ball), Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi (86 ball), “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ (84 ball) va Xorazm viloyati hokimligi (84 ball) tomonidan qayd etilgan.

    Baholash komissiyasi tomonidan Ochiqlik indeksi natijalari asosida ochiqlikni taʼminlashda yoʻl qoʻyilayotgan tizimli kamchiliklarni tahlil qilish va bartaraf etish, shuningdek, bu boradagi faoliyatni yanada yaxshilash boʻyicha vazifa va maqsadlar belgilab olindi. Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qaroriga muvofiq, “yashil” toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlash sohasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi.

    “Sariq” toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlash sohasidagi faoliyatini yanada yaxshilash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqilib, ularni amalga oshirishga amaliy koʻmaklashiladi.

    «Qizil» toifada baholanganlariga qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasini qoʻllash yuzasidan taklif kiritish, ochiqlikni taʼminlashda yoʻl qoʻyilayotgan tizimli kamchiliklarni oʻrganish, bartaraf etish hamda ularning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish koʻzda tutilmoqda. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi Rayosati va Oliy Majlis Senati majlislarida ushbu toifada baholangan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining ochiqlik sohasida yoʻl qoʻygan kamchiliklari va ularni bartaraf etish boʻyicha rejalashtirgan chora-tadbirlari yuzasidan axboroti eshitiladi.

    Kun tartibiga kiritilgan masalalardan tashqari, baholashda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va oldini olish borasida kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish haqida qaror qabul qilindi.

    Tadbir yakunida esa ochiqlikni taʼminlashda eng yuqori samaradorlik koʻrsatgan davlat organlarining ochiqlikni taʼminlashga masʼul xodimlaridan bir guruhi taqdirlandi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

    Axborot xizmati